Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumida jamiyatda tinchlik, totuvlik va barqarorlikni saqlashda turli dinlar va madaniyatlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni rivojlantirish eng muhim asos ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shu asosda forum ishtirokchilari qadimdan turli millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilib kelayotgan Samarqand shahriga sayohat qildi.
Mehmonlar Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimligi mas’ullari tomonidan kutib olindi.
Shundan so‘ng, forum ishtirokchilari ajdodlarimizning boy madaniy merosi — Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi hamda ulug‘ muhaddis Imom Buxoriy qadamjosida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
- Betakror va bebaho O‘zbekiston zaminida bo‘lish katta baxt, - deydi forum ishtirokchisi, Pokiston Islom mafkurasi kengashi sobiq raisi Qibla Ayaz. – Chunki, bu zamin dunyo ilm-fani ustunlari, Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulamolarni voyaga yetkazgan. Ularning muborak qadamjolari ham shu tuproqda. Toshkentda bo‘lib o‘tgan forum doirasida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, dinlararo totuvlik, bag‘rikenglik tamoyillarni qaror toptirish borasida dunyo olimlari, ulamolar bilan fikr almashdik. Xususan, AQSH, Malayziya, Turkiya, Pokiston va boshqa davlatlarning ko‘zga ko‘ringan olimlari, diniy konfessiyalar vakillari bilan hamkorlikda dunyoda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik, do‘stona aloqalarni mustahkalashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan jihatlar haqida fikrlashib, kelgusida amal qilinishi lozim bo‘lgan tartib-taomillarni muhokama qildik.
Bugun O‘zbekistonda turli etnik guruhlar, dinlar, konfessiyalar bir xilda, hech qanday to‘siqlarsiz bir oiladek hayot kechirib kelayotganligi ayni yo‘nalishdagi islohotlar to‘g‘ri yo‘lda ekanligidan dalolat berishi forum ishtirokchilari tomonidan yakdil e’tirof etilib, O‘zbekiston modeliga yuksak baho berildi. Demak, bu modelni boshqa davlatlar ham o‘rganib, o‘zlashtirishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Albatta, jarayonda O‘zbekiston hukumatining odilona siyosati, qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirayotgan islohotlarini e’tirof etish zarur.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 12.09.2025
- Ko'rishlar: 58
- Chop etish