Toshkentdagi ayrim restoranlar tekshiruvdan soʻng taomnomani oʻzbek tiliga tarjima qildi

“Bon!” kafesining 26 ta shoxobchasida taomnomalar xoʻrandalarning talabiga asosan davlat tilida, shuningdek rus va ingliz tillarida taqdim etilayotgani maʼlum boʻldi.

Bu haqda Qoʻmita Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Raqobat qoʻmitasi tomonidan ijtimoiy tarmoq va boshqa axborot resurslarida respublikada faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish shoxobchalari xizmatlari davlat tili qolib, boshqa tillarda koʻrsatilayotganidan norozilik bildirilgan murojaatlar oʻrganib chiqildi.

Oʻrganishlar davomida xoʻrandalarga taqdim etilayotgan taomnoma xorijiy tillarda yaʼni rus, ingliz, turk, xitoy va boshqa tillarda ekanligi aniqlangan.

Jumladan, Toshkentdagi “Basri Baba” turk taomlari restorani masʼullarini jalb qilgan holda oʻrganilganda taomnoma faqat turk tilida ekani, ushbu holat xoʻrandalarda birmuncha qiyinchilik tugʻdirayotgani oʻz tasdigʻini topgan.

Oʻrganish natijasida restoran tomonidan taomnoma maʼlumotlari davlat tilida tayyorlanib, qoʻshimcha xorijiy tillarda ham berilishi taʼminlangan.

Shuningdek, “CHINA CHUAN CHUAN” MCHJga qarashli xitoy taomlari restoranida xoʻrandalarga xorijiy tilda munosabatda boʻlinayotgani yuzasidan tushgan murojaat oʻrganib chiqilgan.

Oʻrganish natijasida, qonunbuzilish yuzasidan tegishli choralar koʻrilgan: endilikda restoranda davlat tilida xizmat koʻrsatuvchi xodimlar faoliyat boshlagani hamda rus va xitoy tillarida tuzilgan taomnomalar oʻzbek tilidagi tarjimasida xoʻrandalarga berilishi taʼminlangan.

Toshkentdagi “MIRZO-BOBUR” MCHJga qarashli “Von!” kafesi xodimlari tomonidan mijozlarga rus tilida xizmat qilinayotgani boʻyicha ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan murojaat ham oʻrganilgan. Oʻrganish natijasiga koʻra, kafening 26 ta shoxobchasida taomnomalar xoʻrandalarning talabiga asosan davlat tilida, shuningdek rus va ingliz tillarida taqdim etilayotgani maʼlum boʻlgan.

Ijtimoiy tarmoq orqali “CAKELAB” qandolat restorani tarmoqlarining taomnomasida rus tilida maʼlumotlar berilayotgani ham tanqid qilingan. Mazkur masala restoran masʼullarini jalb qilgan holda ijobiy hal etilib, taomnomalar davlat tiliga muvofiqlashtirilgan.

“Maʼlumot oʻrnida, «Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisidagi maʼlumot isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur maʼlumot qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin«, — deyiladi xabarda.
 
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»
Powered by GSpeech