Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlarining birinchi xalqaro forumida Senat Raisi Tanzila Norboyeva bolalar huquqlarini ta’minlash va ularning barkamol rivojlanishi har qanday jamiyat barqaror taraqqiyotining asosiy poydevori ekanini ta’kidladi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Parlamentda Bolalar huquqlari bo‘yicha vakilning mustaqil instituti faoliyat olib boradi, u har yili bolalarning ahvoli va qonunchilik holati to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
Keng ko‘lamli institutsional islohot amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, bolalar huquqlari bo‘yicha hududiy vakillar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bosh vazir va hokimlar rahbarligida bolalar ishlari bo‘yicha komissiyalar joylarda faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Mintaqamiz kelajagi bevosita bolalar huquqlarini qanchalik samarali himoya qila olishimizga, ularning har tomonlama ta’lim-tarbiya olishi va salomatligi uchun sharoit yaratib berishimizga bog‘liq, – dedi T.Norboyeva. – Shu bois, forum doirasida nafaqat milliy tajriba, balki qo‘shma tashabbus va sa’y-harakatlar muhokama etilayotgani alohida ahamiyatga ega. Aytib o‘tish kerakki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi maslahat uchrashuvlari hamkorlikning samarali platformasiga aylandi. Ushbu jarayon asosida Parlamentlararo forum, Yetakchi ayollar muloqoti, Yoshlar muloqoti, shuningdek, mintaqaviy dolzarb vazifalarni hal etishga qaratilgan qator tuzilmalar tashkil etildi. Shu ma’noda, Bolalar huquqlari bo‘yicha vakillarning mintaqaviy platformasi yaratilgani muhim qadamdir.
Ushbu platforma bola huquqlarini himoya qilish sohasida konstruktiv tajriba almashish, umumiy muammolarni samarali hal etish, mintaqaviy va transmilliy tahdid hamda chaqiriqlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlari institutlari salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 12.09.2025
- Ko'rishlar: 65
- Chop etish