Senat qo‘mitasida yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlash masalasi muhokama qilindi

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini taʼminlash va o‘lim holatlarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Mazkur masala yuzasidan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari hamda Bosh prokuratura masʼul rahbar xodimlarining axborotlari eshitildi.

Qayd etilganidek, avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash maqsadida ilg‘or xorijiy tajriba asosida Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar takomillashtirilgan. 

Prezidentning “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “2022 – 2026-yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari asosida yo‘llarda xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar natijasida joriy yilning 4 oyida respublikadagi og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarini o‘tgan yilga nisbatan 17,7 foizga, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini 10 foizga, mast holda yo‘l-transport hodisalarini sodir etish holatlarini 33,3 foizga kamaytirishga erishilgan.

Shu bilan birga, qayd etilgan yo‘nalishda muayyan kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud.

Xususan, prokuratura organlari tomonidan tegishli qonun hujjatlari ijrosini o‘rganish jarayonida ko‘plab qonunbuzarliklar aniqlangan. Birgina 2024-yil va joriy yilning 4 oyi davomida aniqlangan 2 908 ta qonunbuzarlik holati yuzasidan 177 ta taqdimnoma, 1 082 ta protest kiritilgan, 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilning 4 oyida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari har 100 ming aholiga Farg‘ona viloyatida 8,4 taga, Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida 8,2 taga, Qoraqalpog‘istonda 6,4 taga, Samarqand va Namangan viloyatlarida 5,8 taga yetgan.

O‘limga olib kelgan yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i Samarqand viloyatida 67 ta, Toshkent viloyatida 58 ta,  Qashqadaryo viloyatida 55 ta va Farg‘ona viloyatida 49 tani tashkil etib, hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan qonunbuzarliklar yuzasidan davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga ularning mansabdor shaxslari bajarishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatidan yetarli darajada foydalanilmayapti.

Ayniqsa bu borada Farg‘ona, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida samaradorlik pastligicha qolmoqda.

Muhokamadan so‘ng Qo‘mitaning ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflar aks etgan qarori qabul qilindi.

Jumladan, o‘limga olib kelgan yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i ortib borayotgan hududlarda vaziyatni yaxshilash, yo‘lni belgilanmagan joyda kesib o‘tish holatlarini kamaytirish maqsadida amaldagi davlat standartlarini xalqaro talablar asosida qaytadan ko‘rib chiqish, ichki nazoratni kuchaytirgan holda yo‘l harakati xavfsizligi sohasi xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarliklarning tub sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish kabi vazifalar belgilandi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech