Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilmoqda

“Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilmoqda. Jumladan, o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan, deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.  

Qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.

Kun tartibiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasiga voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuboriladigan parlament so‘rovi loyihasi ko‘rib chiqildi.

Majlisda tegishli qaror qabul qilindi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech