YeXHT PA Prezidenti Pia Kauman O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi

2025 yil 29 iyun - 3 iyul kunlari Portugaliyaning Portu shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Parlament assambleyasi (PA)ning 32-yillik sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Nufuzli anjumanda Shimoliy Amerika, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 200 dan ortiq parlament a’zolari ishtirok etmoqda.

Mazkur sessiyada Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda.

Delegatsiya Assambleyaning ochilish marosimi, yalpi yig‘ilishlari hamda qo‘mita majlislarida ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida YeXHT PA Prezidenti Pia Kauman nutq so‘zlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi faol ishtirokiga yuqori baho berdi. Shuningdek, O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘nggi parlament saylovi YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan xalqaro standartlarga mos, ijobiy baholangani ta’kidlandi.

Sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining YeXHT PA Bosh kotibi Roberto Montella bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan YeXHT PA o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi YeXHT PAning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Farim Karimiy va mintaqa davlatlari parlamentlari vakillari ishtirokidagi maslahatlashuv uchrashuvida ham qatnashdi. Uchrashuvda YeXHT PA doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari parlament guruhini tuzish, mintaqaviy muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Ipak yo‘li guruhi yig‘ilishida ham ishtirok etdi. Yig‘ilishda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan delegatsiya tomonidan ushbu guruh doirasida mamlakatimizda akademik tadbir o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi va bu taklifni amaliy jihatdan ishlab chiqishga kelishib olindi.

O‘zbekiston delegatsiyasining YeXHT Parlament assambleyasi sessiyasidagi ishtiroki 3 iyulgacha davom etadi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech