Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs jazo muddatining ko'p qismini o'tab bo'lgan bo'lsa, qanday tartibda avf etiladi?
O'zbekiston Respublikasida sudlangan shaxslarni avf etish masalasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 08 may kunidagi PF-5439 sonli Farmoni talablariga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Farmon qabul qilish yo'li bilan amalga oshiriladi.
Afv etish to'g'risidagi iltimosnoma mahkum yoki jazoni o'tab bo'lgan shaxs, shuningdek, qonun hujjatlari bilan afv etish to'g'risida iltimosnoma qo'zg'atish huquqi berilgan shaxs (organ)lar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yozma shaklda beriladi.
Farmon bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasida avf etishni amalga oshirish tartibi to'g'risida”gi Nizom talablariga ko'ra mahkumlarning avf etish masalasida yozgan iltimosnomalari jazoni ijro etish muassasasi rahbariyatiga topshiriladi.
O'z o'rnida muassasa ma'muriyati mahkumning iltimosnomasini tegishli hujjatlar bilan birga O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.
Vazirlik esa avf etish to'g'risidagi iltimosnomalarni dastlabki tarzda ko'rib chiquvchi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Komissiyaga yuboradi.
Shuni nazarda tutish lozimki, yuqorida qayd etilgan Nizom talablariga binoan, afv etish to'g'risidagi iltimosnoma sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan keyin quyidagi muddatlarda berilishi mumkin:
a) umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazoning yigirma besh yilini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin, agar jazoni o'tash davrida mahkum qat'iy tuzalish yo'liga o'tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va o'qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo'layotgan, tarbiyaviy tadbirlar o'tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning yigirma yilini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin;
b) uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazo muddatining yigirma yilini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin, agar jazoni o'tash davrida mahkum qat'iy tuzalish yo'liga o'tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va o'qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo'layotgan, tarbiyaviy tadbirlar o'tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning o'n besh yilini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin;
v) boshqa jazoga hukm etilgan shaxs tomonidan o'talgan (ijro etilgan) jazo muddati (hajmi)dan qat'i nazar, ushbu bandning “g” bandida ko'rsatilgan shaxslar bundan mustasno;
g) ilgari amnistiya akti asosida jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan, shartli hukm qilingan, muddatidan ilgari shartli ravishda, amnistiya akti va afv etish asosida jazodan ozod qilingan, shuningdek, o'ziga nisbatan yengilroq jazo bilan almashtirish qo'llanilgan hamda yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxs, xuddi shuningdek, o'ta xavfli retsidivist tomonidan u tayinlangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin, ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida ko'rsatilgan shaxslar bundan mustasno.