11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni
Har yili 11 noyabr kuni mamlakatimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni keng nishonlanadi. Bu sana mehnatkashlar manfaatini himoya qiluvchi, jamiyatda adolat va hamjihatlik g‘oyalarini mustahkamlovchi muhim ijtimoiy institut – kasaba uyushmalari faoliyatini e’tirof etish kuni sifatida alohida ahamiyatga ega.
Bugungi kunda O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bu g‘oya faqat siyosiy shior emas, balki har bir fuqaroning mehnati, huquqi va hayot darajasini yaxshilashga qaratilgan umumxalq harakati sifatida shakllanmoqda. Aynan shu yo‘nalishda kasaba uyushmalari faoliyati muhim o‘rin tutadi. Ular mehnat jamoalari, ish beruvchilar va davlat o‘rtasida ijtimoiy sheriklik tamoyiliga asoslangan munosabatlarni shakllantirib, xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qiladi.
Kasaba uyushmalari bugungi islohotlar jarayonida inson manfaatlarini markazga qo‘ygan siyosatning bevosita ijrochisiga aylanmoqda. Bu tashkilotlar har bir xodimning shaxsiy muammosi jamiyat muammosiga aylanishi mumkinligini chuqur anglab, ijtimoiy adolat tamoyilini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu bois, 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni nafaqat bir soha vakillarining bayrami, balki mehnatga, inson sha’ni va ijtimoiy birdamlikka hurmat bayramidir!
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский