Bolalar himoyasi yanada kuchaytiriladi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dastlab turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi ahamiyati muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ikki davlat aloqalari rivojida yangi davr boshlandi va bu iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham o‘z aksini topmoqda. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi va yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Qardosh xalqlar hamkorligi Markaziy Osiyoda ham siyosiy, ham iqtisodiy hayotni yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. 

Shuningdek, yig‘ilishda “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bolalarni jinsiy zo‘ravonliklardan himoyalash, bolalar tasvirlangan pornografik mahsulotlarni saqlaganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish muddatlarini aniq belgilovchi o‘zgartirish kiritish belgilanmoqda.

Fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, loyihaning muhimligini e’tirof etdilar. Qonun loyihasining qabul qilinishi bolalar huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech