Bolalar ombudsmani: yoʻllarda trotuarlar mavjud emasligi bolalar oʻlimini koʻpaytiryapti

Bugungi kunda masʼullar tomonidan yoʻllarda bolalar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan choralar kuchaytirilgan boʻlsada, ular hali yetarlicha emas.

Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) va IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati oʻrtasida bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish yoʻlidagi istiqboldagi vazifalari yuzasidan amaliy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqot davomida YHXX rahbari Sherzod Ibragimov tomonidan mamlakatimizda “Yoʻllarda xavfsiz bolalik” tamoyili asosida sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berilib, bugungi kunda bolalarning yoʻllarda xavfsizligini taʼminlash dolzarb masalalari oʻzaro muhokama qilindi.

Bolalar ombudsmani taʼkidlashicha, bugungi kunda masʼullar tomonidan yoʻllarda bolalar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan choralar kuchaytirilgan boʻlsada, ular hali yetarlicha emas. Bu masala kompleks ravishda hal etilishi muhim.

Shu bilan birga, hozirda bolalar bilan sodir boʻlayotgan YTHning katta qismi turar-joy hududlarida kichik yoshdagi bolalarning qarovsiz qoldirilayotganligi hamda ota-ona nazorati boʻlmay oʻsmir bolalar avtomashina haydashiga yoʻl qoʻyilishi oqibatida yuz berayotganligi tufayli mahallalarda targʻibot tadbirlarini faollashtirish, bunday noxush holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ota-onalar masʼuliyatini kuchaytirish talab etiladi.

Shu oʻrinda, yoʻllarda trotuarlar mavjud emasligi ham bolalar YTH qurboni boʻlayotganligining jiddiy omili ekanligiga eʼtibor qaratilib, buning oldini olish uchun zaruriy choralarini koʻrish boʻyicha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida yoʻllarda bolalar xavfsizligini taʼminlash – umumiy maqsad ekanligiga urgʻu berilib, bu yoʻnalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Maʼlumot uchun: Bugungi kunda “Xavfsiz bolalik” doirasida respublika hududlaridagi maktablar oldida 425 ta svetoforlar, 865 ta qavariq piyodalar oʻtish joylari, 1599 ta sunʼiy notekisliklar va 7598 ta temir panjaralar oʻrnatildi.

Shuningdek, 5150 ta maktabda Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish maxsus sinfxonalari tashkil qilindi hamda oʻquvchilar uchun 42 355 ta “xavfsiz yoʻnalish xaritasi” ishlab chiqildi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech