Dunyoda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 31 foizigina zo‘ravonliksiz tarbiyalanmoqda

Aslida ota-ona uchun farzandining kamolini ko‘rishdan ko‘ra kattaroq quvonch va baxt yo‘q. Ammo farzand tarbiyasi murakkab va mas’uliyatli vazifa bo‘lib, davrning eng katta muammolaridan biri sanaladi.

Poytaxtimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida bolalarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik, bu borada jurnalistlarning salohiyatini oshirish bo‘yicha media - trening o‘z ishini davom ettirmoqda. Trening davomida farzand tarbiyasi, uning nozik nuqtalari xususida so‘z bordi.

Treningda mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning atigi 31 foizigina zo‘ravonliksiz tarbiyalanmoqda. Bu ko‘rsatkich  juda past bo‘lib, aksariyat bolalar hanuzgacha zo‘ravonlik elementlari bo‘lgan tarbiya usullariga duch kelyapti. O‘g‘il bolalar asosan jismoniy, qizlar esa majburiy turmush yoki jinsiy zo‘ravonlikdan aziyat chekadi. Eng yomoni har 7 daqiqada 1 bola qurbon bo‘ladi. Shu sababli ota-onalar va pedagoglarni zo‘ravonliksiz ta’limni kengaytirishga undash muhim hisoblanadi.

Demak, har bir oilada sog‘lom muhitni qaror toptirish, farzandlar tarbiyasiga yumshoqlik, ya’ni, mehr-muruvvat ko‘rsatgan holda e’tibor qaratish zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishlari oldini olishga zamin hozirlaydi.

O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ayollarning 40,7 foizi bolalarni urib tarbiyalashni normal deb hisoblaydi. Bu ko‘rsatkich shahar ayollari orasida 37,9 foiz, qishloq ayollari orasida esa 43,1 foizni tashkil qilmoqda.

Psixologlarning ta’kidlashicha, bu kabi zo‘ravonliklar oqibatida  bolalik davrida jismoniy jazoga duchor bo‘lgan shaxslar katta yoshda tajovuzkor yoki zo‘ravon xatti-harakatlarga moyil bo‘lishadi. 100 tadan 40 ta bolada ruhiy muammolar — depressiya, bezovtalik sindromi va o‘ziga ishonchsizlik rivojlanadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bilan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlangan.

Mazkur qonunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari belgilab berilgan.

Media-treningda “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning amaliyotga tatbiq etilishi  zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Trening davom etadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Powered by GSpeech