Sharh
Bugungi kunda Yer sayyorasida turli ko‘rinishdagi ekologik inqirozlar butun insoniyatni tashvishga solmoqda. Chunki, bir-biriga zanjir singari bog‘liq bo‘lgan ekologik muammolar insoniyatning salomatligi va hayotiga, iqtisodiyot tarmoqlariga, oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida, ekologik tahdidlar oqibatlarini yumshatish va unga moslashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taqozo etadi. Yana eng muhimi, bu insoniyatning ekologik madaniyatini yuksaltirish bilan chambarchas bog‘liqdir.
Bu borada O‘zbekistonda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu yil 15 may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror tabiatni muhofaza qilish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda muhim tarixiy hujjat bo‘ldi. Qaror bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish Konsepsiyasi tasdiqlanib, unda bir qator muhim maqsad-vazifalar o‘rin oldi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Azizbek Akbarov mazkur qarorning mazmun-mohiyatini batafsil sharhlab berdi:
— “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarorida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha qator ustuvor vazifalar belgilab berildi. Unda maktabgacha ta’lim sohasidan boshlab davlat idoralari vakillari, aholining barcha qatlamlarining ekologik madaniyatini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qaror ijrosini ta’minlash hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.
Ta’kidlash lozimki, biz ekologik madaniyatimizni yuksaltirmasdan turib, davlat tomonidan ekologiya sohasida qo‘yilgan marralarga erisha olmaymiz. Yaponiya, Germaniya kabi davlatlarda aholining ekologik madaniyati yuksak baholanadi. Endilikda bizda ham ushbu qaror asosida ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha dastlabki qadamlar tashlanmoqda.
Qarorda davlat idoralari oldida veloturargohlar tashkil qilish, velosipedlarda ishga kelib-ketishni rag‘batlantirish masalasi ham ko‘zda tutilgan. Bu ham insonlarning ekologik madaniyati bilan bog‘liq bo‘lgan holat. Chunki, transport vositasida emas, tabiatga bezarar bo‘lgan velosipedda qatnash madaniyatini yuksaltirish atrof-muhit va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdori kamayishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston hamda xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan vatandosh talabalar va olimlarni birlashtiruvchi “Ekolog olimlar hamjamiyati”ni ta’sis etish belgilangan. Bunda olimlar tomonidan oilada, tashkilotlarda ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, bunday olimlarni rag‘batlantirish va ularning tajribalarini aholi o‘rtasida ommalashtirish masalalari ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, qarorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ham bir qator vazifalar qo‘yilgan. Ya’ni, qator qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga avtotransport vositalaridan chiqindilarni uloqtirib ketish holatlari uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha o‘zgartirish kiritish masalasi alohida bandda ko‘rsatilgan. Yo‘lda chiqindilarni irg‘itib ketish juda xunuk holat va madaniyatsizlikka kiradi, albatta.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga fuqarolarimizning atrof-muhit haqida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lishi uchun yagona portal ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi. Bunda masalan, har bir daraxtning ekilgan joyi, vaqti yoki o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish bo‘yicha berilgan arizalar, kesish mumkin bo‘lgan daraxtlarning qayerda joylashganligi yoki vazirlik tomonidan biror hududdagi daraxtni kesish bo‘yicha ariza rad qilingani kabi ma’lumotlar joylab boriladi. Yoxud qum-shag‘al qazib olishda moratoriy shartlarini buzgan fuqarolarni onlayn ko‘rib turish imkoniyati yaratiladi va bu kabi ma’lumotlar jamoatchilikka ochiqlanib boriladi.
Bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur qaror ijrosini ta’minlash eng muhim masala. Iqlim o‘zgarishi, yaqinda poytaxtimizda bo‘lgani kabi chang bo‘roni, suv tanqisligi va boshqa-boshqa muammolarni yumshatishda, albatta, ekologik madaniyat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, hujjatda ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalar ijrosiga har birimiz mas’uliyat bilan yondashishimiz, oiladan boshlab ekologik madaniyatni shakllantirishimiz lozim.
Muhtarama Komilova, Anvar Ahmedov (videomontaj), O‘zA
- Qo'shildi: 22.05.2025
- Ko'rishlar: 695
- Chop etish