Eng ko‘p kutubxona – Farg‘ona viloyatida
Ma’lumki, yurtimizda milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, respublikaning olis hududlarida va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda kitobxon yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘z o‘rnida, kitobxonlar uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida respublikamiz bo‘ylab minglab kutubxonalar qurilib, kapital ta’mirdan chiqarilmoqda.
Xususan, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 14 ming 999 ta kutubxona faoliyat yuritmoqda. Ularda 85 milliondan ortiq nusxada kitob, jurnallar va turli xil qo‘llanmalar mavjud.
Hozirga qadar foydalanuvchilar soni esa 12,8 million nafar kishini tashkil etmoqda. Ularning 31,6 foizini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 45,9 foizini 15-24 yoshdagi o‘smirlar va 22,6 foizini 25 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar tashkil etadi.
Hududlar kesimida eng ko‘p kutubxona Farg‘ona viloyatida joylashgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 934 ta, Andijonda 1 ming 65 ta, Buxoroda 764 ta, Jizzaxda 868 ta, Qashqadaryoda 1 ming 476 ta, Navoiyda 489 ta, Namanganda 891 ta, Samarqandda 1 ming 863 ta, Surxondaryoda 1 ming 159 ta, Sirdaryoda 526 ta, Toshkentda 1 ming 467 ta, Xorazm viloyatida 688 ta hamda Toshkent shahrida 701 ta kutubxona mavjud.
Kutubxonalar soniga mamlakat hududidagi barcha ta’lim muassasalari kutubxonalari, mahalliy hokimiyat organlariga qarashli axborot-resurs markazlari, shuningdek, vazirlik, idora va ular tasarrufidagi tashkilotlarga qarashli barcha axborot-kutubxona markazlari kiritilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский