Isroil harbiylarining aytishicha, ayrim hududlarda e’lon qilingan 10 soatlik “taktik tanaffus” G‘azoga ko‘proq gumanitar yordam kirishiga imkon berarkan.
G‘azodagi falastinliklarning fikri esa aksincha. Ular yakshanba kuni Isroil va boshqa davlatlar tomonidan havodan tashlangan yordamlar, shuningdek, yuk mashinalarida olib kelingan oziq-ovqat 2 milliondan ortiq odamga umuman yetarli emasligini aytmoqda.
– Biz yerdan, havodan yoki boshqa joydan hech qanday yordam kelganini ko‘rmadik, -deydi Rafohdan ko‘chib kelgan Maryam Yahyo. – Yo‘l bo‘yida o‘tiribmiz, hech narsa olganimiz yo‘q, tilanchilarga o‘xshab kutib kunimiz o‘tyapti, bir siqim un bo‘lsayam mayli edi.
G‘azoda ocharchilik kuchayib ketganidan xalqaro xavotirlar ortib boshladi. Bu haqda ayrim davlat rahbarlari muammoni bartaraf etish yuzasidan qat’iy choralar ko‘rish lozimligini bildirishdi. Shu bois Isroil hukumati G‘azoning uchta hududida gumanitar yordam olib kirish imkonini berish uchun har kuni 10 soatlik “taktik tanaffus” joriy qildi. Biroq BMT mas’ullarining ta’kidlashicha, 10 soatlik tanaffus vaqtida ham yetarli darajada gumanitar yordam yetkazishning iloji bo‘lmayapti. Shuningdek, bu hududda talonchilik xavfi saqlanib qolayotganligi qayd etilgan.
– Biz BMT Falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligidan yordam olardik. Gumanitar yordam berish ishlari bilan ular shug‘ullanishganida hech qachon muammo bo‘lmagan, - deydi Mar’yam Yahyo.
– Yordam havo orqali yetkazilmoqda. Ba’zilar osmondan tushayotgan qutilar bolalarning ustiga tushishidan qo‘rqib chodirlaridan chiqishga qo‘rqishmoqda, - deydi G‘azo markaziga ko‘chirilgan Xon Yunuslik Ahmad al-Sumayriy. – Hatto yordam qutilari odamlar ustiga tushib, halok bo‘lganlar ham bor. Vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda: qamal, otishma, oziq-ovqat va suv yo‘q. Ular buni “vaqtinchalik otashkesim” deb atashadi, lekin biz buni vaqtinchalik otashkesim deb hisoblamaymiz. Hamma joyda otishma va portlashlarni ko‘ryapmiz.
Isroil G‘azoga kelishi mumkin bo‘lgan yordam miqdorini cheklab qo‘yganini aytmoqda, go‘yoki shunday qilmasa, shu berilayotgan yordam evaziga XAMAS o‘z hukmronligini mustahkamlab olishi mumkin ekan.
Qiziq jihati, BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi G‘azoni deyarli uch oy davomida boqish uchun yetarli oziq-ovqat borligini aytmoqda. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, hudud aholisining uchdan bir qismi bir necha kun davomida umuman ovqat yemagan va yuz minglab odamlar ochlikdan aziyat chekmoqda.
K. Bekjonov, O‘zA
- Qo'shildi: 30.07.2025
- Ko'rishlar: 276
- Chop etish