Fransiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishi mumkin

Bu haqda mamlakat prezidenti Emmanuel Makron “France 2” telekanalining jonli efirida aytib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, agar Yevropa Ittifoqi bu borada umumiy qaror qabul qilmasa, yaqin oylarda Fransiyada ushbu taqiq joriy etiladi.

Bundan tashqari, Makron internet do‘konlar orqali pichoq sotib olinayotganda mijozlarning yoshini tekshirish tizimi joriy etilishini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, bu jarayon pornografik saytlar uchun mavjud bo‘lgan tekshiruv tizimiga o‘xshash bo‘ladi. 

Shuningdek, davlat rahbari ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning ruhiy salomatligi va xavfsizligiga, ayniqsa, ular bosim va zo‘ravonlik mazmuniga ko‘proq moyil bo‘lgan yoshdagilar uchun xavf tug‘dirishini ta’kidladi.

– Biz 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashimiz kerak, - dedi Fransiya yetakchisi. – O‘smirlar endi internet orqali pichoq sotib ololmaydi. Biz bunga amal qilmaganlarga jiddiy jazo qo‘llaymiz.

Xabarda yozilishicha, Fransiya prezidenti Nojan-syur-Mar shahrida bir o‘quvchining maktab xodimasiga pichoq bilan qilgan hujumi tufayli ushbu bayonotni bergan. O‘shanda o‘quvchi maktab xodimasiga pichoq bilan tashlangan va uni yaralagan edi. So‘ng ayol olgan jarohatlari tufayli vafot etgandi. 

O‘.Alimov, O‘zA

Powered by GSpeech