Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquq va manfaatlari ta’minlanmoqda (+video)

Ijtimoiy himoya milliy agentligi fuqarolarimizning ijtimoiy himoyaga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan oshirish va ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida tashkil etilgan edi.

Bu tizimning vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berishdan iborat. Buni amalga oshirish uchun davlat tomonidan aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Albatta bugun ushbu tizim samaradorligi va manzilliligi ta’minlanib, ijtimoiy himoya mahalla darajasida tashkil etilmoqda. Og‘ir ahvolga tushib qolgan kishilarga alohida yondashuv asosida yordam berilib, ularning hayot kechirishi uchun qulay muhit va sharoit yaratilmoqda. 

– Men ijtimoiy xodimni qutqaruvchi sifatida bilaman. Chunki har qanaqa vaziyatda ham boshqa soha vakillariga qaraganda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushgan kishini ijtimoiy xodim qutqarib chiqara oladi, – deydi Zarafshon shahridagi “Yangi Zarafshon” mahallasining kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimi Norsuluv Mahammatova. – Mahallamizda turli millat vakillari istiqomat qiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ko‘pligi bois og‘irroq mahalla hisoblanadi. Ijtimoiy himoyaga tushish xavfi yuqori kontinentni aniqlashda asosan uyma-uy yurib aniqlash eng samarali usul, deb hisoblayman. Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan fuqaroni menga kelib aytishidan ko‘ra, patronaj hamshiralar yoki boshqa yo‘nalishda ertaroq aniqlash mumkin. Tazyiq va zo‘ravonlikdan aziyat chekkan ayol oilasida meni eng ko‘p qiynaydigani uning farzandlari ruhiyati, tushkun holati, depressiyasi, stressning o‘sha bolalarga nisbatan ko‘proq ta’sir qilishidir. “Inson” markazlaridagi psixolog va yuristlar xizmatining borligi ularni yuzaga kelgan vaziyatlardan chiqarib olishda muhim rol o‘ynaydi. Faoliyatim davomida psixologlar bilan hamkorlikda bolalar bilan ishlashim o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. 

Hududlarda ijtimoiy xodim ish faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy xizmatlar mahalla darajasigacha tushirilishi natijasida o‘tgan yili Navoiy viloyatida sohaga oid 55 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida 23,4 ming nafardan ortiq shaxsga 103 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi hamda ularning 6 mingdan ortig‘iga keys (ijtimoiy ish)lar ochildi. Natijada ijtimoiy yordam bo‘yicha murojaatlar soni 2023 yilga nisbatan 2 mingtaga qisqargan. Bu esa aholining asosiy ijtimoiy masalalari “Inson” markazlarida, qolaversa, ijtimoiy xodimlar tomonidan mahallalarda hal qilinmoqda.

– Bundan ikki yil oldin olis Uchquduq tumanida turli sohalarda faoliyat yuritganman. Internet tarmog‘ida yangi ochilgan Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rdim va shu tizimda ishlashni niyat qilgandim. Suhbatlardan o‘tganimdan keyin Navoiy shahridagi Binokor, Lochin va Yangiobod mahallalarida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim sifatida faoliyat boshladim, – deydi G‘iyosjon Sobirov. – Ishimni dastlab oilaviy yotoqxonalar va ijtimoiy uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan tanishishdan boshladim. Xatlov o‘tkazib, aholining muammolarini o‘rgandim. Ularni bartaraf etish mening hayot tarzimga aylandi. Fuqaroga bir xizmat turi ko‘rsatilishi jarayonida ikkinchi xizmat kelib chiqa boshladi. Fuqarolarning muammolari hal bo‘lganligini ko‘rgach faxr tuyg‘usini his qilaman. Bu bizga  yanada kuch-quvvat beradi.

Mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tomonidan 3,7 ming nafar uyida yotgan muhtoj shaxslarni aniqlab, zarur yordamlar ko‘rsatilgan. Xususan, 1,4 ming nafar shaxslarga nogironlik guruhlari belgilandi, 1,7 ming nafari protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlandi, 498 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar ta’limga yo‘naltirildi, 165 nafari yolg‘iz keksalar reyestriga kiritildi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (video, surat), O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech