Gepatit har 30 soniyada bir kishining oʻlimiga sabab boʻlmoqda

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti gepatitni bartaraf etish va asoratlarini kamaytirishga doir bayonot bilan chiqdi.

«Har 30 soniyada sayyoramiz boʻyicha bir bemor ogʻir jigar xastaligi yoki virusli gepatit tufayli kelib chiqadigan saratondan vafot etadi. Shunga qaramay, bizda bu epidemiyani toʻxtatish uchun barcha vosita hamda imkoniyatlar mavjud«, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus.

Qayd etilishicha, virusli gepatitning A, V, S, D va Ye turlari — oʻtkir jigar infeksiyalarining asosiy omillari. Ulardan faqat V, S va D turlari jigar yetishmovchiligi va sirrozi, jigar saratoni xavfini sezilarli darajada oshiradigan surunkali kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Biroq virusni yuqtirgan insonlarning aksariyati oʻz xastaligidan bexabar. Tahlillarga koʻra, hozir dunyoda gepatitning V, S va D turlariga chalingan 300 million nafardan ortiq bemor bor. Har yili ulardan 1,3 million nafardan ziyodi xastalik oqibatida vafot etmoqda.

Shunga qaramay, gepatit boʻyicha milliy harakat rejasiga ega mamlakatlar soni 2025-yilda 59 tadan 123 taga koʻpaygani ijobiy hol. Qolaversa, joriy yilda 129 ta davlat homilador ayollarda gepatit B ni tekshirish siyosatini ishlab chiqdi. Bu 2024-yilga solishtirganda 23 ta koʻp koʻrsatkichdir.

Oʻz navbatida, 147 davlat (ikki yil avval 138 ta edi) yangi tugʻilgan chaqaloqlar uchun gepatit B ga qarshi emlashni joriy qildi.

Lekin hali muammolar koʻp. Masalan, 2024-yilda gepatitning B turi bilan ogʻrigan har sakkiz odamdan faqat bir nafariga, C turi bilan kasallanganlarning esa uchdan bir qismidan sal koʻprogʻiga tashxis qoʻyilgan.

Muolajalar qamrovi borasida ahvol bundan ham yomonroq: gepatit B ga chalinganlarning atigi 3 foizi va gepatit S ni yuqtirganlarning bor-yoʻgʻi 20 foizi zarur davolanish kurslarini olgan, xolos.

Tabiiyki, bu raqamlar JSSTning 2025-yilga moʻljallangan global maqsadlarida koʻzda tutilgan koʻrsatkichlardan ancha kam. Yaʼni diagnostika boʻyicha 60 foiz, muolaja borasida 50 foizlik natija marra sifatida belgilangan.

Vaholanki, bu global maqsadlar roʻyobi 2030-yilgacha 2,8 million kishining hayotini saqlab qolishga, 9,8 million kasallanish holatlarining oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 2022-yil 16-maydagi tegishli qaroriga muvofiq, shu yil 1-iyulga qadar yurtimizda 1 million 595 ming nafardan ziyod aholi gepatitning V va S turlarini erta aniqlashga qaratilgan tekshiruvlardan oʻtkazilib, kasallikning S turi tasdiqlangan bemorlarga “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalari bepul berilmoqda.

 

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech