Harakat erkinligini cheklash – adolatga mos kelmaydi

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan masalalardan biri – taksi haydovchilarining faqat o‘z litsenziyasida ko‘rsatilgan hudud yoki unga tutash hududda faoliyat yuritishi mumkinligi haqidagi qaror bo‘lmoqda.

Bu masala jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib, ushbu cheklovlar fuqarolarning asosiy konstitutsiyaviy huquqlariga zid ekanligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida mamlakatimizda bo‘lib turgan har bir shaxsga mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi kafolatlangan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 2 aprelda qabul qilingan “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 200-son qarorida, tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi agregatorlar faoliyati uchun qo‘shimcha talab va shartlar nazarda tutilgan. Xususan, xizmatlarni faqat tegishli litsenziya varaqasiga ega bo‘lgan tashuvchilarga ko‘rsatish va buyurtmalarni tashuvchining litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hamda unga tutash hududlarda qabul qilinishini ta’minlash belgilangan.

Ammo bu talab Konstitutsiya va bir qator inson huquqlariga oid normativ hujjatlarga mos kelmaydi. Mamlakatimizdagi har bir fuqaro o‘zi istalgan hududda yashash, erkin faoliyat yuritishi kafolatlangan.

Muhokama markazida bo‘lib turgan vaziyat “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi deputati sifatida meni ham xavotirga solmoqda. 

Barcha fuqarolar uchun teng huquq va imkoniyatlar ta’minlanishi, hududiy cheklovlar orqali iqtisodiy va mehnat faoliyatga to‘siq qo‘yilmasligi kerak, degan fikrdaman.

Albatta, jamoat transportini rivojlantirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va shaharlarda tirbandliklarni kamaytirish — bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Ammo ushbu muammolarni hal etish maqsadida faqat cheklov choralarini qo‘llash har doim ham to‘g‘ri yondashuv emas.

Bunda muammoni aniqlab, uni jamoatchilik bilan muhokama etish, muammoga samarali yechimlarni taklif qilish, fuqarolarning ehtiyoj va manfaatlarini inobatga olgan holda qaror qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizning har bir fuqarosi barcha sohada bir xil imkoniyatga ega bo‘lishi hamda hududiy cheklovlar o‘rnatilishi oldini olishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Muhammadjon Valiyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zosi.

O‘zA

Powered by GSpeech