Internet va ijtimoiy tarmoqlarda bolalar xavfsizligi – kechiktirib bo‘lmaydigan, dolzarb muammo

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, butun dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq bola onlayn jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiya qurboni bo‘lgan. Bu raqam favqulodda holat darajasida bo‘lib, global xavfsizlik, raqamli texnologiyalar va bolalarni himoya qilishda jiddiy xavf mavjudligini ko‘rsatadi.

Poytaxtimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida bolalarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik, bu borada jurnalistlarning salohiyatini oshirish bo‘yicha media - trening o‘z ishini boshladi.

Qayd etilishicha, har o‘n nafar maktab o‘quvchisidan sakkiztasi bir sutkada kamida 10 soatga yaqin internetda o‘tiradi, bu katta tavakkalchilik demak. Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, ularning yarmidan ko‘pi o‘zining telefon raqamini, uy manzilini va suratlarini tarmoqqa joylashtiradi. Natijada esa ular axborot xavfsizligidan xabardor tengqurlariga qaraganda to‘rt barobar ko‘proq ta’qibga uchraydi.

BMTning maxsus eksperti kelgusida bolalarga nisbatan onlayn jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiyaning yangi shakllari paydo bo‘lishi mumkinligi borasida ogohlantiradi. 30 ta mamlakatdagi yoshlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i internetda zo‘ravonlikka uchraganliklari haqida xabar berishadi va ularning har beshinchisi shu sababli maktabga bormay qo‘yadi.

Mustaqil tadqiqotchi Nozim Bo‘ronovning so‘zlariga ko‘ra, bugun internetning cheksiz imkoniyatlari tufayli dunyo madaniyatlari “qorishuvi” yuzaga kelgan. Natijada turli qadriyat va axloqiy me’yorlarga ega yoshlar virtual makonda bir-biriga yaqinlashdi, bu esa pedofiliya kabi jinoyatlarni targ‘ib qilish va ularga nisbatan xavfni kuchaytirish imkoniyatlarini yaratdi. G‘arbda jinsiy erkinlik va shaxsiy huquqlar ustuvor bo‘lib, ba’zi madaniyatlar bolalarga nisbatan pedofillarga qarshi choralarni zaiflashtirishi mumkin. Shu bilan birga, Sharq madaniyatida bolalarni himoya qilish va axloqiy poklikni saqlashga katta ahamiyat berilgan, lekin internet orqali noqonuniy materiallarning tarqalishi va onlayn "grooming" kabi tahdidlar bu qadriyatlarni sinovdan o‘tkazmoqda.

Bolalarning aksariyati asosiy vaqtini internetda o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, ular tarmoqdan tobora ertaroq foydalana boshlayapti. Jahon miqyosida har yarim soniyada biror bola birinchi marta internetga kirmoqda.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarda bolalar xavfsizligi – kechiktirib bo‘lmaydigan, dolzarb muammo. Texnologiyalar qaysidir ma’noda qulayliklarni yuzaga keltirayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo ular yangi xatarlarga ham yo‘l ochmoqda. 

Bolalar internetda turli tahdidlar bilan to‘qnash kelishi mumkin. Shuning uchun UNICEF internetni bolalarning ta’lim olishi, muloqot qilishi va o‘zini namoyon qilishi uchun xavfsiz joyga aylantirish ustida ishlamoqda. 

Trening davomida “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritildi. 

Ma’lumki, mazkur qonunda belgilanganidek, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyaga ega bo‘lish, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani, tahdid qilingani yuzasidan ariza berish yoki sudga murojaat etishi, barcha turdagi bepul taqdim etiladigan maslahatlardan foydalanish kabi huquqlarga ega. Shuningdek, jabrlanuvchi sodir etilgan zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishini talab qilishi mumkin.

Ishtirokchilar media-treningda mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Trening davom etadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Powered by GSpeech