Jamiyat taraqqiyoti har bir fuqaroning ishli bo‘lishi bilan boshlanadi

Prezident tashabbuslari – amalda

Dunyoda mamlakatlar rivojini belgilovchi mezonlar ko‘p. Bugungi global davrda ularning eng muhimi – aholi bandligi darajasi. Inson resurslaridan samarali foydalanish, har bir fuqaroni munosib ish bilan ta’minlash iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlik asosi sanaladi.

Jamiyatda har bir shaxs ish bilan band bo‘lsa natija qanday bo‘ladi? Avvalo, daromad manbai yaratiladi, kambag‘allik kamayadi. Buning ortidan ijtimoiy muammolar yechim topadi. Insonda o‘zini namoyon qilish ehtiyoji ro‘yobga chiqadi.

Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda ijobiy ruhiyat, tinchlik va barqarorlik muhitini yaratadi. Bandlik orqali iqtisodiyot tiklanadi, ichki bozor faollashadi. Soliq tushumlari ortib, davlatning ijtimoiy xarajatlari ta’minlanadi.

Mamlakatimizda ham bu sohada ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Banklar mahallalarga bog‘lanib, aholi bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda uch million nafardan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilindi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 25 iyulda aholi bandligini ta’minlash va kasbiy ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlarga oid taqdimot bilan tanishishi chog‘ida qayd etildi. 

Kambag‘allikni qisqartirish borasida yaratilgan tizim hamda sarflanayotgan mablag‘lar o‘z samarasini berib, joriy yilning o‘tgan davri holatiga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 6,8 foizni tashkil qildi.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda aholi bandligini ta’minlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, eng quyidan, xususan, mahalla instituti orqali keng qamrovli ish olib borilmoqda.

Bu jarayonda “mahalla yettiligi” degan yangicha yondashuv alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu yettilik – mahallaning turli ijtimoiy yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul shaxslarning hamjihat faoliyatini anglatadi.

– Prezidentimiz huzurida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tgan taqdimotda dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev. – Birinchi navbatda “mahalla yettiligi” bilan birgalikda fikrlarni umumlashtirib, nuroniylar bilan suhbatlashib, kambag‘allik ro‘yxatida turgan oilalar, ishsiz yurganlar bilan muloqot qilgan holda vaziyatni tahlil qilish lozimligi aytildi. Shu oilalarga biriktirilgan tegishli vazirlik va tashkilotlar mutasaddilarining vazifalari alohida ko‘rsatildi. Bu ishlar natijasida joriy yilda bir yarim million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish, besh million nafardan ortiq aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha marra olingan. Bu shunchaki gaplar emas. Aniq chora-tadbirlarni belgilishda rivojlangan davlatlarning shu yo‘nalishdagi tajribalari o‘rganildi. 

Xalqaro tajriba aholi bandligini oshirishda kasbiy ta’lim sifati juda muhimligini ko‘rsatadi. Bu borada ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, malaka oshirishni yangi darajaga ko‘tarish hamda xususiy sektor ishtirokini ta’minlash talab etilmoqda. Kasbiy ta’limning mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmasligi kadrlar tayyorlashda muayyan muammolarga sabab bo‘lmoqda. 

Bu kabi muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar ham har tomonlama rag‘batlantirilmoqda. 

Darhaqiqat, mahalla fuqarolarga eng yaqin ijtimoiy muhit sanaladi. Yettilik orqali har bir insonning ishga muhtojligi, kasbi, imkoniyati to‘g‘risida aniq ma’lumot to‘planadi. Bu manzilli yondashuvni ta’minlaydi.

Xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi o‘z guruhlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning ishsizlik muammosini o‘rganadi. Qayta o‘qitishga yoki mahalliy ish o‘rinlariga yo‘naltiradi. 

Ishsizlik ko‘p hollarda jinoyatchilikning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qoladi. Profilaktika inspektori esa mahallada ishsiz va ijtimoiy xavfli toifalarni aniqlab, ularni mehnat bozoriga yo‘naltirishda faol ishtirok etadi.

Mahallalarda o‘z o‘rnini topa olmagan fuqarolar uyda xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi asosida ish boshlash imkoniyatiga ega. Mahalla yettiligi bu jarayonda devonxona emas, maslahatchi va yo‘naltiruvchi markaz vazifasini bajara oladi.

Davlatimiz rahbari oldingi yig‘ilishlarda ham chekka hududlardagi, og‘ir toifadagi qishloqlarga alohida e’tibor qaratilishiga e’tibor qaratgan. 

Xulosa oddiy. Bandlik taraqqiyot kaliti sanalsa, mahalla esa uning poydevoridir. Jamiyat taraqqiyoti har bir fuqaroning ishli bo‘lishi bilan boshlanadi.

Bandlikni ta’minlash nafaqat shaxsiy farovonlik, balki jamiyatda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni kafolatlaydi. Bu jarayonda mahalla mas’ullarining hamjihat, tizimli va mas’uliyatli faoliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ikrom AVVALBOEV,

Nosirjon HAYDAROV (surat),

O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech