Jazoni o‘tashdan shartli ozod qilinganlarga qo‘shimcha majburiyat yuklanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mazkur loyiha bo‘yicha ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Rahmatullayev batafsil ma’lumot berdi:
– O‘tgan yili qabul qilingan “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonun bilan probatsiya instituti joriy qilingan edi. Bu jazoni o‘tab chiqqan yoki jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulqi ustidan samarali nazorat o‘rnatish orqali ularni qayta tarbiyalash, jamiyat hayotiga qaytib kirishi uchun sharoit yaratish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu qonun loyihasi ham aynan jazoni o‘tashdan shartli ozod qilingan shaxslar ustidan samarali probatsiya nazoratini tashkil qilishni takomillashtirishga qaratilgan.
Jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilish instituti mavjud va jazo chorasining bir yo‘nalishi hisoblanadi. Buning o‘talishini ta’minlash ham probatsiya bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Biroq, milliy qonunchiligimizda bunday jazoga hukm qilinganlar ustidan nazorat qilish mexanizmlari va nazorat qiluvchi sub’ektlarning aniq vazifalari belgilanmagan.
Shu bois, loyiha bilan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga shartli ozod qilingan shaxslarga vaqti-vaqti bilan nazorat qiluvchi organlarga kelib ro‘yxatdan o‘tib turish majburiyatini yuklash mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi 28/1-bob bilan to‘ldirilib, unda jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan probatsiya nazoratini amalga oshirish, nazorat talablarini buzgan shaxslarga qo‘shimcha majburiyat yuklash yoki jazoni qayta o‘tattirish, shu jumladan shaxs zimmasidan ayrim majburiyatlarni chiqarish haqida sudga taqdimnoma kiritish tartibi va asoslari belgilanmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi jazodan shartli ozod etilgan shaxslar ustidan tizimli va samarali nazorat o‘rnatish imkonini yaratadi, probatsiya tizimining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlaydi. Shuningdek, jamiyatda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning qonunga itoatkor munosabatini kuchaytirish va takroriy jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA
Ўзбекча
English
Русский