So‘nggi yillarda O‘zbekiston – AQSH munosabatlari strategik sheriklikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu yuqori darajadagi siyosiy o‘zaro ishonchga erishish va shu ishonchni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek o‘zaro manfaatli barcha sohalarda iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga intilish bilan tavsiflanadi.
Diyorimiz mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan Qo‘shma Shtatlar bilan 1992 yil 19 fevralda diplomatik munosabat o‘rnatilgan. Har ikki davlat poytaxtida elchixonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida “Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) formati doirasida muntazam muloqot olib borilmoqda.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston bozorida Amerikaning yetakchi kompaniyalari ishtirokini kengaytirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishilmoqda. Hamkorlikning hozirgi holati ikki mamlakat va xalq manfaatiga to‘liq javob beradi, deyish mumkin.
Kecha AQSHning Toshkentdagi elchixonasida “Donald Tramp ma’muriyati davrida O‘zbekiston va AQSH munosabatlari” mavzusida OAV vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Ochiq muloqot ruhida kechgan yig‘in avvalida Favqulodda va muxtor elchi Jonatan Henik o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali sheriklik yanada rivojlanayotganini tasdiqladi.
– Shuni aytishdan mamnunmanki, aloqalarimiz kun sayin yaxshilanmoqda, –dedi Elchi Henik. – Birinchidan, Prezident Donald Tramp inauguratsiyasidan keyin 100 kundan kamroq vaqt ichida biz o‘zaro munosabatlarning misli ko‘rilmagan darajasiga guvoh bo‘ldik.
Davlat kotibi Marko Rubio va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bir necha oy oldin telefonda gaplashdi. Keyinroq vazir boshqa yuqori martabali hukumat amaldorlari bilan birga Vashingtonda bo‘lib, Davlat departamentida kotib Rubio va Oq uyda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uols va boshqa yuqori martabali mulozimlar bilan uchrashdi. Dunyoda AQSH bilan bunday darajada aloqaga ega davlatlar kam.
Ma’lumki, Tramp ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri AQSHdagi migratsiya masalasi hisoblanadi. Biz avvalgidek O‘zbekiston bilan bu sohadagi hamkorlikdan mamnunmiz.
O‘lkangiz fuqarolarini AQSHga noqonuniy kirishdan qaytarish, ularga Qo‘shma Shtatlarga borishning qonuniy yo‘llarini tushuntirish maqsadida migratsiya masalalari bilan shug‘ullanayotgan ikki tomonlama ishchi guruh tuzilgan. Aytish o‘rinliki, AQSHga sayohat qilish yoki ishlashni taklif qilib pul undirayotgan odamlardan juda ehtiyot bo‘lish kerak.
Shuningdek, biz terrorizm, giyohvand moddalar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash kabi dolzarb masalalarni faol muhokama qilishda davom etyapmiz.

Vashingtonda o‘zaro savdo hajmini oshirish, Amerika kompaniyalarini O‘zbekistonda ishlashga ko‘proq jalb etish va ular uchun axborot texnologiyalari, muhim foydali qazilmalar, yadro energetikasi sohalarida yurtingiz bilan hamkorlikda erishgan muvaffaqiyatimiz muhokama qilindi. Bu sohalarning barchasi juda istiqbolli ekaniga ishonamiz.
Biz intiqlik bilan kutayotgan, joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent investitsiya forumiga AQSH savdo delegatsiyasi tashrif buyurishi kutilyapti.
Shundan so‘ng diplomat jurnalistlarning rasmiy Vashington va Toshkent munosabatlariga oid savollariga javob berdi.
– Prezident Trampning tashqi siyosat bo‘yicha “Amerika birinchi” tamoyilini hisobga olsak, AQSHning Markaziy Osiyodagi roli qanday bo‘lishi mumkin?
– Markaziy Osiyo davlatlari bilan yanada chuqurroq hamkorlik qilish “Amerika birinchi” siyosatini amalga oshirishga yordam beradi. O‘zbekistondagi faoliyatimiz sheriklik va o‘zaro manfaatga asoslangan. Tramp ma’muriyatining O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlik qilishiga sabab biz bu yurtda Amerika fuqarolari uchun manfaat ko‘ryapmiz.
O‘zbekiston jadal rivojlanayotgan, aholisi ko‘p, bozori katta davlat. O‘ylaymanki, dunyoning eng yaxshi texnologiyalari va biznes amaliyotini taklif etuvchi ko‘plab kompaniyalarimiz respublika bilan ikki tomonlama manfaatli savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishi mumkin.
– Bilamiz, yaqinda Donald Tramp tashqi yordamni devalvatsiya qilish to‘g‘risidagi maxsus farmonni imzoladi. Bu O‘zbekistondagi mavjud va kelajakdagi loyihalarga qanday ta’sir qiladi?
– AQSH tashqi yordamini ko‘rib chiqish jarayoni O‘zbekistonga alohida taalluqli emas, balki butun dunyo bo‘ylab kechyapti. Bundan ko‘zlangan maqsad aniq: har qanday yangi ma’muriyat ko‘mak dasturlari hukumat kun tartibini qo‘llab-quvvatlashiga ishonch hosil qilishni xohlaydi.
Biz sog‘liqni saqlash, xususan silga qarshi kurash sohasida kichik miqyosdagi gumanitar yordam dasturlari bo‘yicha qarorlar qabul qildik. Bu dasturlar davom etadi.
Ba’zi ta’lim dasturlari to‘xtatiladi. Binobarin, kelajakda yordam dasturlari ma’muriyat kun tartibini bevosita qo‘llab-quvvatlashini ta’minlashga harakat qilamiz.
– Joriy oy boshida Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi strategik sheriklik haqidagi muhim hujjatni imzoladi. Qo‘shma Shtatlarning bu ikki mintaqa strategik sherikligiga munosabati qanday?
– O‘zbekiston yaqin qo‘shnilari, AQSH yoki Yevropa Ittifoqi bilan mukammal munosabatlar o‘rnatishga qodir. Qo‘shma Shtatlar buni tushunadi va qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘ylaymizki, bu O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlar bilan mustahkam aloqalariga to‘la mos keladi.
– Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgandan keyingi 30 yildan ko‘p davr ichida AQSH yetakchilari mintaqaga kam kelgan. Ehtimol, umuman kelmagan, desak ham bo‘lar. Yaqin yillarda AQSH Prezidenti yoki Davlat kotibining o‘lkamizga kelishi rejasi bormi?
– Yuqorida ta’kidlaganimdek, yaqinda yurtingizning yuqori mulozimli davlat amaldorlari Vashingtonga tashrifi chog‘ida prezident Trampni O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qilishgan. Oq uy bu taklifdan xursand bo‘lganini bilaman.
Ishonchim komilki, Oq uy ma’muriyati bu masalani yaxshilab o‘rganib chiqadi. Aytganingizdek, 30 yil AQSH Prezidentining mintaqaga tashrif buyurishi uchun bu arzirli vaqt.
– Tramp oldingi ma’muriyatdan farqli o‘laroq immigratsiya, ish va ta’lim masalalariga qanday yondashadi?
– Tramp ma’muriyati immigratsiya masalasida ancha keskin yo‘l tutmoqda. Shu bilan birga hozirgi ma’muriyat kelayotgan sayyoh, talaba, biznesmenlarni, agar ular qonuniy ravishda kelsa, olqishlaydi.
O‘tgan yil 1000 dan ziyod O‘zbekiston fuqarosi AQSH universitetlarida tahsil oldi. Bu raqam o‘sishda davom etishini xohlaymiz va kutamiz.
Hozir AQSHda chet el fuqarolari uchun ishlash imkoniyati cheklangan. Afsuski, avvalgi yillarda chegarani kesib o‘tib, boshpana so‘rab, noqonuniy ish topish niyatida yurgan ko‘p odamlarni ko‘rdik. Menimcha, bunday imkoniyat Tramp ma’muriyatida mavjud bo‘lmaydi. Xullas, Qo‘shma Shtatlarda ishlamoqchi bo‘lgan odamlar uchun bu qiyinroq kechishini aytmoqchiman.
– Prezident Tramp ma’muriyati ko‘plab mamlakatlar, xususan O‘zbekiston uchun ham savdo tarifini e’lon qilgan. Mamlakatimiz rasmiylarining Vashingtonga tashrifi chog‘ida bu borada muzokara olib borildimi? O‘zbekiston uchun savdo tarifi bekor qilinadimi?
– Qo‘shma Shtatlar dunyoning deyarli barcha davlatlariga tarif qo‘lladi. Adashmasam, O‘zbekistonga nisbatan eng past tarif belgilangan.
Vashingtonda men qatnashgan uchrashuvlarda bu haqda gap ketmadi. Ayni payt ham AQSHda delegatsiyangiz borligidan xabardorman. Ehtimoliy muhokama mavzulari orasida savdo va tarif masalasi bo‘lishini kutgan bo‘lardim.
O‘tkir ALIMOV yozib oldi.
O‘zA
- Qo'shildi: 28.04.2025
- Ko'rishlar: 192
- Chop etish