Kam ta’minlangan shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkin

Mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlarimiz bilan inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda ularning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlari kuchaytirilgan.

Xususan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunda fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan malakali yuridik yordam olish huquqidan to‘liq foydalanish imkoniyati yaratildi. Mazkur qonun bilan umumiy yurisdiksiya sudlarida davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasi belgilab qo‘yilgan. Ammo kam ta’minlangan shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilganda ularga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish amaldagi qonunlarda tartibga solinmagan. 

Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. 

Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kam ta’minlangan shaxslarga o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etganda, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqini belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Qonun loyihasi fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga, davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqini ta’minlashga qaratilgan. 

Fraksiya a’zolari qonun loyihasi bo‘yicha fikr va takliflarini bildirib, uni qo‘llab-quvvatladi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech