Hind olimlari Kashmir muzliklari harorat ko‘tarilishi tufayli jadal sur’at bilan erib, Himolaydagi millionlab odamni suv bilan ta’minlash jarayoniga tahdid solayotganidan xavotir bildirmoqda. “Xovar” agentligi shu haqda maxsus maqola e’lon qilgan.
Kashmir universiteti Geologiya va geofizika bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ko‘rsatdiki, muzlar tez erishi mintaqa iqlimini o‘zgartirib, qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, chorvachilik va o‘rmon xo‘jaligida band 10 millionga yaqin aholining uchdan ikki qismi turmush sharotiiga xavf solmoqda.

Olimlar ta’kidlashicha, so‘nggi 40 yilda Kashmirdagi eng yirik Kolaxoy muzligi hajmi taxminan 11 kvadrat kilometrdan 4,44 kvadrat kilometrgacha, ya’ni 18 foiz kamaygan, mintaqadagi boshqa muzliklar esa xuddi shu davrda 16 foizini yo‘qotgan.
Kashmirning asosiy obi hayot o‘zani – Jelum daryosini to‘ydiradigan Kolaxoy suvi mamlakatdagi aholi eng ko‘p Panjob viloyati qishloq xo‘jaligida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘tgan yil “Action Aid” xalqaro xayriya tashkiloti mintaqaning aksariyat qismida muz hajmi qisqarib borayotganidan ogohlantirib, iqlim o‘zgarishi yog‘ingarchilikka ta’sir qilayotgani, oqibatda oziq-ovqat ishlab chiqarish kamayganini ma’lum qilgandi.

Nyu-Dehlidagi Energetika va resurslar instituti bosh muzlikshunosi, professor Sayid Iqbol Hasnayn aytishicha, tadqiqot natijasi iqlim tizimi isib borishi aniqligini yana bir bor tasdiqlagan.
1995 yildan beri muzliklarni o‘rganayotgan hind geologi Rajiv Upadxay fikricha, yangi tadqiqot xulosasi avvalgilari bilan mos keladi.
– Tadqiqot Himolay muzligining taxminan 90 foizi qisqarishi umumiy tendensiyasini tasdiqlaydi. Ba’zi muzliklar dahshatli sur’atda – yiliga 44-45 metr kamayoqda, – deydi olim.
S.Rahimov, O‘zA
- Qo'shildi: 09.06.2025
- Ko'rishlar: 645
- Chop etish