Korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga oid huquqiy eksperiment qanday natija ko‘rsatmoqda?

  Qaror va ijro

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 apreldagi “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazilmoqda. 

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlab, uning oldini olish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha faoliyat olib boradi. 

Shu bilan birga, davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Mehnat jamoasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va odob-axloq qoidalariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradi. 

Qarorda 2027 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida Sog‘liqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi vazirliklarida, «O‘zbekneftgaz», «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar etib belgilandi.

Mazkur tashkilotlar korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tayinlandi. 

         Oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tdi. Huquqiy eksperiment qanday natija bermoqda? 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan huquqiy eksperimentning dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligida joriy etilgan yangi “Situatsion markaz” tizimi orqali iyul oyi holatiga ko‘ra, 1 ming 280 nafar rahbar va xodimda manfaatlar to‘qnashuvi hamda nepotizm holatlari aniqlangan. Hozirda vazirlik korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlarni joriy etish ustida ish olib bormoqda.

Suv xo‘jaligi vazirligi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklar ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan hududni "Korrupsiyadan xoli suv xo‘jaligi tizimi"ga aylantirish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Bunda asosiy e’tibor tizimda raqamlashtirish orqali inson omilini qisqartirish, eng muhimi, ayni jarayonlarda keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlashga qaratilmoqda. 

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan qurilish jarayonlarini real vaqtda nazorat qilish imkonini beradigan tizim yo‘lga qo‘yildi. Qurilishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Shaffof qurilish” axborot tizimi takomillashtirilmoqda. 

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatida 745,0 million  so‘mlik noqonuniy davlat xaridlarini amalga oshirilishining oldi olindi. Maxsus platformada to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha kontragentlarni tekshirish modulini takomillashtirish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda. 

«O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaning oldini olish maqsadida yagona “Suv dispetcher” dispetcherlik tizimi joriy etildi. Shuningdek, ichimlik suvi iste’molini aniq hisobga olish uchun smart-hisoblagichlar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mazkur tuzilmalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan muloqot qilib, huquqiy eksperiment doirasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash, ichki nazorat tizimlarini yanada takomillashtirish, korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash hamda xalqaro standartlar asosida ishlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalarni belgilab berdi.

                                                         Norgul Abduraimova, O‘zA 

Powered by GSpeech