Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mazkur hujjatning muhim jihatlari haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Prezidentimizning farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025 yil 5 martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga mazkur farmon va uning doirasida belgilangan vazifalarni sifatli, o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi endilikda har yili hududlar kesimida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, yo‘l xaritasi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Oliy Majlis palatalari har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartib yo‘lga qo‘yiladi.
“Jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi” davomida har oyning 1-5 sanalarida reja asosida “qizil” toifadagi mahallalarga tushib, har bir jinoyatni kelib chiqish sabablari va omillari tahlil qilinadi hamda prokuror va ichki ishlar boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq tavsiyalar beriladi.
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yangi tartib asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari sektorlar faoliyati bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan ozod etiladi. Sektorlar ishiga Bosh vazir o‘rinbosarlari va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari mas’ul etib belgilanadi.
Davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlarini kamida 2 baravar qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Joriy yilning 1 iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
Yil yakuniga qadar xalqaro tender ob’ektlari bo‘yicha subpudratchilarni “Shaffof qurilish” tizimi orqali jalb qilish, qiymati 2 million AQSH dollarigacha bo‘lgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlarni “Shaffof qurilish” tizimida o‘tkazish hamda xalqaro tenderlar bo‘yicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini o‘z kuchi bilan bajarish tartibini joriy etish choralari ko‘riladi.
2026 yil 1 yanvarga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan tizim joriy etiladi. Bunda, aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman va shaharlar hokimlarining shaxsiy javobgarligi belgilanadi.
Aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi. Shuningdek, fuqarolarga sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishida advokatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 22.04.2025
- Ko'rishlar: 216
- Chop etish