Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va matbuot erkinligi kafolatlari

3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni

 

Mamlakatimiz ahli ushbu sanani joriy yilda xalqaro va milliy ko‘lamlardagi ikkita olamshumul voqea bilan hamohang nishonlamoqda. Bu muhim voqealardan biri – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi tantanalari bo‘lsa, yana biri – shu yil 30 apreldagi referendumda xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri uchun ovoz bergani bilan bevosita bog‘liq.

Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi qizg‘in davom etmoqda. Jahon miqyosidagi ushbu tadbirlar karvoniga 2022 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand Global forumi keng yo‘l ochdi.

O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993 yilda 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni deb e’lon qilingani bejiz emas. Chunki 1991 yil 3 may kuni Namibiyada Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi Vindxuk deklaratsiyasi[1] qabul qilingan bo‘lib, mazkur Deklaratsiyada bayon etilgan matbuot erkinligini ta’minlashga doir talablar shu xalqaro sananing ta’sis etilishiga turtki bo‘lgan.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – axborot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, dunyoning barcha mintaqalarida axborot olish va tarqatish erkinligi holatiga baho berish, jurnalistlar erkinligi va mustaqilligiga tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bo‘lgan jurnalistlarni yod etish, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Jahon matbuoti erkinligi kuni O‘zbekistonda har yili  keng nishonlanadi. Bu xalqaro sana keyingi davrda mamlakatimizda matbuot erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning o‘ziga xos sarhisob pallasiga aylandi. Bunda 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni deb e’lon qilinishiga asos bo‘lgan Vindxuk deklaratsiyasi qoidalariga tayanilishi tabiiydir.

Vindxuk deklaratsiyasining 1-bandida qayd etilishicha, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq mustaqil, plyuralistik va erkin matbuotni ta’sis etish, qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirish millat demokratiyasini va iqtisodiy taraqqiyotini rivojlantirish hamda rag‘batlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi”.

Bizning bu boradagi yondashuvimiz ham aynan shunday. Ya’ni, so‘z va matbuot erkinligi – O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi[2].

Vindxuk deklaratsiyasining 2-bandiga ko‘ra: Mustaqil matbuot, deganda biz davlatdan, siyosiy va iqtisodiy nazoratdan, gazetalar, jurnallar va davriy nashrlar ishlab chiqarish va tarqatish uchun zarur materiallar hamda infratuzilmalar ustidan nazorat o‘rnatilishidan mustaqil bo‘lgan matbuotni tushunamiz.

Vindxuk deklaratsiyasining 4-bandida “mustaqil hamda plyuralistik matbuot paydo bo‘lishi uchun tegishli muhit” yaratish bilan bog‘liq o‘zgarishlar e’tirof etilgan. Deklaratsiyaning 5-bandida qayd etilishicha, “Demokratiyaga va axborot hamda fikrni ifodalash erkinligiga dunyo miqyosida intilish insoniyat orzu-niyatlarining ijobati yo‘lida muhim ulush hisoblanadi”.

Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, Vindxuk deklaratsiyasida tilga olingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida to‘la o‘z aksini topganini ta’kidlash lozim. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirilmoqda.

Xususan, xalqimiz yaqinda referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada uchta yo‘nalishda: birinchidan,  axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash; uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida so‘z erkinligi har tomonlama kafolatlandi.

Endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasiga muvofiq:

“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni  cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek  davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor  etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.

E’tibor bering: yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etildi. Mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.

Binobarin, Internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda Internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ham ekanini isbotlab o‘tirishga hojat qolmadi.

Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.

Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.

Shunday ekan, axborotni, jumladan Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini istifoda etuvchi insonlar zimmasiga huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas’uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi tabiiy holdir. Shu ma’noda, 33-moddaning oxirgi bandidagi normalar barchamizni ijtimoiy mas’uliyatni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo‘htondan ajratishga da’vat etadi.

Haqiqatan ham, biz yashayotgan XXI asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.

Shu nuqtai nazardan, bugungi “raqamlashtirish” zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq jamiyat barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligiga oid yangi normalarni  mustahkamlagani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasi birinchi qismida fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilgan:

“Fuqarolik  jamiyati  institutlari,  shu  jumladan  jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini  o‘zi  boshqarish  organlari,  ommaviy  axborot  vositalari  fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.

Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berildi. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlanmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki, Prezidentimiz qayd etganidek, ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur.

Eng muhimi, endilikda Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati instituti maqomida e’tirof etildi. Bu ilg‘or konstitutsiyaviy-huquqiy asos, bir tarafdan, jamoatchilik nazoratining yanada haqqoniy, xolis va adolatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shsa, boshqa tarafdan, jamoatchilik nazorati asnosida aniqlanadigan qonunbuzarliklar va kamchiliklarga taalluqli ma’lumotlarning asossiz ravishda panada olib qolinishi yoki xaspo‘shlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni oshkorlik tom ma’noda ta’minlanadi.

Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilgani va ular faoliyati kafolatlarining belgilangani jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi. Bu tom ma’noda juda muhim yangiliklardandir.

Shu tariqa yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlandi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.

Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 81-moddaga ko‘ra:

 “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq  ish olib boradilar.

Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining  erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish  va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan  axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.

Ayni shu konstitutsiyaviy normalardan ko‘langan maqsad ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir. Shunga o‘xshash normalar Slovakiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi bir qator mamlakatlarning Konstitutsiyalarida mavjud.

O‘z navbatida, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 82-moddasida ushbu normalar mustahkamlangan:

“Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy  axborot  vositalarining  faoliyatiga  to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.

Senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyada oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib,  ommaviy  axborot  vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘tashi tayin.

Matbuotda bu borada o‘z munosabatlarini bildirgan bir qator hamkasblarimiz ta’biri bilan aytganda, bu normalar ommaviy  axborot  vositalari va jurnalistlarning emin-erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalari jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda mamlakatimizda fikr, so‘z va axborot erkinligi yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Pirovardida davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotning yangi, yanada ishonchli bosqichga ko‘tarilishiga, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga va so‘z erkinligini ta’minlashga erishiladi.

 

G‘ulom Mirzo,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

[1] Қаранг: Мустақил ва плюралистик Африка матбуотини қўллаб-қувватлаш тўғрисидаги Виндхук декларацияси // А.Саидов, Ғ.Мирзо. Сўз, фикр ва ахборот эркинлиги: халқаро-ҳуқуқий асослар. – Т.: Инсон ҳуқуқлари бўйича Ўзбекистон Республикаси Миллий маркази, 2021. – 114 бет.

[2] Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Олий Мажлисга Мурожаатномаси / 29.12.2020 // https://president.uz/uz/lists/view/4057

Powered by GSpeech