BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi davom etmoqda

Jenevada 26-fevral kuni o‘z ishini boshlagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi davom etmoqda. Kuni kecha sessiyaning Oliy darajadagi segmentida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi.

Sessiyaning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish nutq so‘zladi. Bosh kotib joriy yil sentyabrida bo‘lib o‘tadigan Kelajak sammiti ushbu xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar uchun inson huquqlariga asoslangan tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish hamda bu borada yangi majburiyatlarni zimmaga olish uchun qulay imkoniyat yaratishiga ishonch bildirdi.

Shu nuqtayi nazardan, BMT o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlaridagi sa’y-harakatlardan foydalangan holda, inson huquqlari buzilishining oldini olish, bu borada yo‘l qo‘yilgan salbiy holatlarni aniqlash va bunga qarshi ta’sirchan amaliy choralar ko‘rish borasida bir yoqadan bosh  chiqarib ishlashi nihoyatda muhim, deb qayd etdi A.Guterrish.

O‘z navbatida, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk sessiya ishtirokchilari e’tiborini “BMT va uning institutlari faoliyatining qonuniyligi”ni shubha ostiga olishga qaratilgan ayrim asossiz harakatlar haligacha davom etayotgani tufayli global miqyosda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish borasidagi ishlar jiddiy tahdid ichida qolayotganiga qaratdi.

F.Tyurkning aniqlashtirishicha, bu o‘rinda BMTning insonparvarlik vazifasi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlari va “moviy kaskalar” deb ataladigan tinchlikparvar kuchlariga nisbatan dezinformatsiya, ya’ni yolg‘on axborot tarqatish holatlari haqida so‘z bormoqda. BMT faoliyatining qonuniyligidan nohaq shubhalanish, oxir-oqibatda, mazkur xalqaro tashkilot yordamidan umid kutib yashayotgan qanchadan-qancha insonlarga nisbatan xiyonat hisoblanadi, dedi BMT Oliy komissari.

Ochilish marosimida, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi Prezidenti Dennis Frensis so‘zga chiqib, butun dunyoda xalqaro gumanitar huquq, hatto BMT Nizomi ham tahdid ostida qolayotganidan ogohlantirdi. Bosh Assambleya rahbari uqtirganidek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganiga 75-yil to‘lganidan keyingi shu kunlarda ham turli mojarolar, iqlim o‘zgarishlari oqibatida yer yuzida 300 million kishi insonparvarlik yordamiga o‘ta muhtoj holatda yashamoqda. Shundan qariyb 114 million nafarini qochoqlar va o‘z mamlakatlari ichida qo‘nim topolmagan ko‘chmanchi insonlar tashkil etadi.

 Sessiyaning Oliy darajadagi segmenti ishida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari ishtirok etmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech