Jenevada 26-fevral kuni o‘z ishini boshlagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi davom etmoqda. Sessiyaning Oliy darajadagi segmentida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi.
Shu kunlarda “BMT yangiliklari” saytida “BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi qanday tuzilma?” degan nom bilan dolzarb maqola e’lon qilindi. Unda qayd etilganidek, Bosh qarorgohi Jenevada joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha kengash xalqaro hamjamiyat uchun keng tarmoqli forum hisoblanadi va inson huquqlariga oid har qanday masalani ko‘rib chiqishga vakolatlidir.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash 2006-yil 15-martda BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan. Mazkur rezolyutsiya asosida Kengash inson huquqlari sohasida har bir davlat majburiyatlari bajarilishining Universal davriy tahlilini amalga oshiradi hamda shu orqali universal miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni ta’minlaydi.
Davlatlar Universal davriy tahlil doirasida inson huquqlarining barcha sohalari bo‘yicha milliy ma’ruzalarini har 4-yilda Inson huquqlari bo‘yicha kengashga taqdim etadi. Kengash inson huquqlarini qo‘pol tarzda va muntazam ravishda buzish hollari bilan bog‘liq voqealar va amaliyotni muhokama etib boradi.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash BMTning butun dunyoda barcha inson huquqlari rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi uchun asosiy mas’ul organi hisoblanadi. Kengashning bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ‘ib qilishdir.
Kengash biron-bir farqlarsiz va adolat hamda tenglik asosida barcha uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklarini umumhurmat qilish va himoya qilish ishiga ko‘maklashadi. Inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha o‘zining tegishli tavsiyalarini taklif etadi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 47 ta a’zo davlatdan iborat. O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor 2020-yil 13-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023-yillarga saylangan.
O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi tashkil etilgan. Ushbu tuzilma BMTning inson huquqlari sohasidagi faoliyati uchun asosiy mas’ul va muvofiqlashtiruvchi bo‘linmadir.
Oliy komissar Boshqarmasining qarorgohi Jenevada joylashgan. Shuningdek, 19 mamlakat va 12 ta mintaqada vakillar, 11 ta tinchlikparvar missiya hamda joylarda inson huquqlari bo‘yicha o‘nlab maslahatchilar faoliyat olib bormoqda. Jami xodimlar soni qariyb 2 ming nafarga yetadi. Folker Tyurk BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari lavozimiga 2022-yil 17-oktyabrda saylangan.
O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi samarali va mustaqil faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatimiz bilan BMTning mazkur Boshqarmasi va Inson huquqlari bo‘yicha kengash o‘rtasidagi hamkorlik amaliy ruhda izchil rivojlanmoqda.
28-fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha kengash 55-sessiyasining Oliy darajadagi segmenti yakunlandi. Sessiyaning ishi 5-aprelgacha davom etadi va tarixdagi eng uzoq cho‘zilgan sessiyaga aylanadi.
Sessiya davomida G‘azo, Sudan va Ukrainada kechayotgan urushlar bilan bog‘liq holat muhokama qilinadi. Shuningdek, butun dunyodagi inson huquqlari himoyachilarining ahvoli va 50 dan ziyod mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Sessiyada mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari ishtirok etmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.02.2024
- Ko'rishlar: 2752
- Chop etish