8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Mamlakatimizda faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash bo‘yicha jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda".
Bu haqda so‘z borganda, avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 58-moddasida: “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deb belgilanganini ta’kidlash lozim. Ushbu konstitutsiyaviy kafolatlar bugungi kunda hayotimizning barcha sohalarida o‘z ijobatini topmoqda.
Xususan, 2023-yilda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish yo‘nalishida 13 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu o‘rinda 3 ta qonun, Prezidentning 2 ta farmoni va 2 ta qarori hamda hukumatning 6 ta qarori haqida so‘z bormoqda.
Bunda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga hamda Saylov kodeksiga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizdan 40 foizga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilganini alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir.
Qolaversa, keyingi yillarda O‘zbekistonda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi va "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilindi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning hukumat va jamiyatdagi rolini oshirishga, ularning bandligini ta’minlashga, ayollar tadbirkorligini hamda ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi ishtirokini rivojlantirishga va muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda.
Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarning kelgusida ham qat’iy davom ettirilishini ta’kidlagani bejiz emas. Chunki bu – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab olindi va amaliy ijrosi ta’minlanayapti.
Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda voyaga yetayotgan qizlarga oliy ta’lim muassasasida tahsil olishi uchun 4 foizli kvota ajratildi. Oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun foizsiz ta’lim kreditlari joriy qilindi, magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning shartnoma to‘lovlarini davlat tomonidan qoplash tartibi belgilandi.
Ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim shartnomalarini mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplash tartibi joriy qilindi. Yana bir muhim qadam: ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratildi.
Bunday xayrli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘in – mahallagacha yetkazib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilishi belgilandi.
Taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash” deb nomlangan. Ayni maqsad ijrosi doirasida, jumladan, xotin-qizlarning ta’lim olishiga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning o‘rnini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Joylarda imtiyozli kreditlar va lizing ajratish, xotin-qizlarni ishga jalb qilgan holda kooperatsiya usulida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari doimiy diqqat markazida turibdi. Ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish lozim bo‘lgan xotin-qizlarning tibbiy muolaja xarajatlarini qoplab berishdek ezgu amallar izchil bajarilmoqda.
Taraqqiyot strategiyasining 60-maqsadida reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha dolzarb masalalar qamrab olingan. Shuningdek, 85-maqsad doirasida ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobar kamaytirish, 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yana bir muhim hujjat – 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturidir. Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida e’tirof etilganidek, Dastur ijrosi doirasida Davlat boshqaruvi akademiyasining rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha kurslarida 319 nafar xotin-qiz o‘qitilgan.
Milliy kadrlar zaxirasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, o‘rinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarlari hamda tuman va shahar hokimlari lavozimlari uchun jami 970 nafar, shundan 162 nafar nomzoddan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgan.
Yurtimizda xotin-qizlarning ilm-fan va ta’lim tizimida ham faol ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat ilmiy tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilayotgani bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Yaqindagina O‘zbekistonda ayollarga 2,5 tonnadan ortiq yuk avtomobili hamda 14 kishidan ko‘p yo‘lovchili avtobuslarni boshqarish huquqi berildi. Ya’ni, endilikda xotin-qizlarni kamsitish bilan bog‘liq har qanday g‘ov-to‘siqlar amalda barham topmoqda.
O‘z navbatida, Gender tenglikka erishish strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturidan istiqboldagi yanada muhim masalalar o‘rin oldi.
Ma’lumki, joriy yilda mamlakatimizda parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Shu ma’noda, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, davlat xizmatidagi xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy salohiyatini oshirish kabi masalalar ham alohida ahamiyat va dolzarblik kasb etmoqda.
Biz samaralari haqida so‘z yuritgan milliy strategiya va dasturlarning yana bir muhim ahamiyati bor. Bu hujjatlarning ijrosi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari kabi xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlarimizni bajarishga ham ko‘maklashadi.
Haqiqatan ham, mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda. Eng muhimi, bugungi kunda o‘z xonadonining fayzu farishtasi bo‘lgan ayollarimiz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarda faol ishtirok etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning 2023-yili Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda sizlarga, sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz”, degan samimiy e’tiroflari mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishladi. Binobarin, shu yuksak ishonchni oqlash yo‘lida bugun har birimiz oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirish barobarida, davlatimiz va jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etishga astoydil intilmoqdamiz.
Farida XAKBERDIYEVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi
bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 04.03.2024
- Ko'rishlar: 2804
- Chop etish