Bola huquqlarini himoya qilishda BMT bilan hamkorlik: mahorat darsi

24-aprel kuni Toshkent davlat yuridik universitetida “O‘zbekistonda bola huquqlarini himoya qilishda BMT bilan hamkorlik” mavzusida navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi talabalari faol ishtirok etdi.

Mahorat darsini Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov olib bordi.

Ishtirokchilar bola huquqlarining xalqaro va milliy darajadagi huquqiy asoslari, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalarni muhokama qildilar. Shuningdek, BMT bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dasturlar natijalari va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi.

Mashg‘ulot davomida bola huquqlarini himoya qilish borasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, mavjud qonunchilik asoslari hamda xalqaro huquqiy normalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha murojaat qildilar va sohaga doir muhim bilimlarga ega bo‘ldilar.

Interaktiv shaklda tashkil etilgan mazkur mahorat darsi talabalar uchun nafaqat nazariy bilim, balki inson huquqlari, xususan, bola huquqlarini anglash, bu borada yuridik va axloqiy yondashuvlarni shakllantirishga qaratilgan. Tadbir yakunida ishtirokchilarga tegishli tavsiyalar berilib, bu kabi uchrashuvlarni muntazam davom ettirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech