29-aprel kuni Inson huquqlari uyida Toshkent davlat transport universiteti huquqshunoslik yo‘nalishi ikkinchi bosqich talabalari uchun shu mavzuda mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etilgan tadbir Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Mashg‘ulot avvalida Milliy markaz mas’ul xodimi N.Sultonov talabalarga davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil mamlakatimizda – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili deb e’lon qilinganining mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida tushuncha berdi. Bu boradagi Davlat dasturida belgilangan vazifalar to‘g‘risida batafsil to‘xtaldi.
Muloqot asnosida fuqarolarning ekologik huquq va majburiyatlari xususida ham so‘z bordi. Milliy markaz mas’ul xodimi R.Atovulloyev, shuningdek, inson huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritish uchun takliflar berish tartibi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan atroflicha fikr yuritdi.
Milliy markaz mas’ul xodimi A.Muhrimboyev Inson huquqlari sohasida tahlil va tadqiqotlar bo‘limi faoliyati haqida gapirdi.
O‘z navbatida, Milliy markazning Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i H.Mo‘minov yoshlarga Inson huquqlari uyida huquqiy ma’rifat targ‘iboti uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan tadbirda faol qatnashdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.04.2025
- Ko'rishlar: 173
- Chop etish