Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasidir

2023-yil 30-aprel – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi referendum orqali qabul qilingan kun

 

Bundan roppa-rosa ikki yil avval, 2023-yil 30-aprel, yakshanba kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiya raisi – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.

Ma’lumki, 2021 yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif ilgari surildi. Bu – konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish.

O‘z navbatida, 2021-yil 6-noyabrdagi Yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida konstitutsiyaviy islohotning nazariy asosi sifatida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi belgilab berildi. Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida ham konstitutsiyaviy islohotga alohida bir fasl bag‘ishlangan.

Haqiqatan ham, huquqiy davlatda Konstitutsiya bilan jamiyat rivoji o‘rtasida uzilish bo‘lmasligi kerak. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda 2022-2023-yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi taqozosiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining 2022-yil 20-may kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichi aniq belgilab berildi.

Shu asosda Konstitutsiyaviy komissiya konstitutsiyaviy islohotning 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendumgacha bo‘lgan barcha tashkiliy-huquqiy tadbirlarida bosh-qosh bo‘ldi. Davlatimiz rahbari uqtirganidek, “konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi”.

Bu haqda so‘z borganda, Konstitutsiyamizning 9-moddasida: “Jamiyat  va  davlat  hayotining  eng  muhim  masalalari  xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq ovoziga – referendumga qo‘yiladi. O‘zbekiston  Respublikasida  referendum  o‘tkazish  tartibi  qonun bilan belgilanadi”, degan norma mustahkamlanganligini ta’kidlash o‘rinlidir.

Asosiy qonunimizning “Konstitutsiyani o‘zgartirish tartibi” nomli oltinchi bo‘limi ayni masalaga oid ikkita moddadan tashkil topgan. Jumladan, 154-moddaning birinchi bandiga muvofiq: “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik  palatasi  deputatlari  va  Senati  a’zolari  umumiy  sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun  yoki  O‘zbekiston  Respublikasining  referendumi bilan kiritiladi”. Mazkur norma Bosh qomusimizning eski matnida 127-moddada qayd etilganligini ham aytib o‘tish lozim.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha referendum qanday tashkil etildi?

– Dastavval, 2023-yil 9-10-mart kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilindi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumni o‘tkazish sanasi – 2023-yil 30-aprel deb belgilandi.

Deputatlar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining referendumni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi xulosasini olish to‘g‘risidagi masala ham qo‘llab-quvvatlandi. Binobarin, 2023-yil 13-mart kuni mazkur qarorning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risidagi ish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qarori qabul qilindi.

Ya’ni, Konstitutsiyaviy sud tomonidan  tegishli Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar aniqlanmadi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yish Konstitutsiyaga muvofiq deb topildi. Konstitutsiyaviy sud qarori Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatiga yuborildi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 2023-yil 14 mart kuni Oliy Majlis Senatida ko‘rib chiqildi. Majlisda, ta’kidlanganidek, konstitutsiyaviy islohot mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub o‘zgarishlarning uzviy qismi bo‘lib, ularning mustahkam huquqiy asosini yaratadi hamda Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka va shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtiradi.

Muhokamalar natijasida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilinib, unga ko‘ra referendum 2023-yil 30-aprel kuniga tayinlandi. Shu asosda mamlakatimizda tarixiy referendum o‘tkazildi.

Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga ko‘ra, referendumda ovoz beruvchilarning 84,51 foizi ishtirok etgani inobatga olinib, 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq haqiqiy, deb topildi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni referendumda umumxalq ovozi bilan qabul qilingan, deb hisoblandi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni ushbu qaror rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kirdi. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kunning o‘zida uning ijrosini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborildi.

E’tibor bering: yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Yangi    tahrirdagi     Konstitutsiya   loyihasi  7 turdagi nazariy va amaliy, ilmiy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Ayniqsa, ilmiy muassasa va ta’lim tashkilotlari yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi yuzasidan takliflar kiritish borasida alohida peshqadamlik ko‘rsatdi. O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot jarayonida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tegishli tuzilmalari, ayniqsa, faol hamkorlik qildi.

Xalqaro hamjamiyat namoyandalari O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotning o‘ziga xos modelini yaratish uchun betakror tajriba to‘plaganini e’tirof etdilar. Asosiysi, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot yuqori baholanib, bu borada O‘zbekistonning tutgan yo‘li to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

– O‘tgan ikki yilda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini hayotga tatbiq etish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi doirasida mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yish borasida izchil hamda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Chunki Konstitutsiya va qonun ustunligi barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni hisoblanadi.

Bu haqda so‘z borganda, birinchi navbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli navbatdagi kitobini alohida ta’kidlash lozim. Chunki davlatimiz rahbari ushbu salmoqli siyosiy asarida xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va ularni hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan bir qator asosiy chora-tadbirlar haqida batafsil to‘xtalgan.

Ayni chog‘da, O‘zbekiston Prezidentining dasturiy ma’ruza va nutqlari hamda farmon va qarorlari, milliy taraqqiyot strategiyalari va davlat dasturlarida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchillik bilan joriy etishning tub siyosiy-nazariy mohiyati, tashkiliy-amaliy mexanizmlari chuqur ochib berilgan.

Shu o‘rinda 2023-yil 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganini ta’kidlash maqsadga muvofiq. Unda belgilanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi.

Farmon asosida o‘nlab qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi. Ushbu Farmon bilan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.

Prezidentimiz 2023-yil 7-noyabrda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmonini ham imzoladi. Farmon bilan davlat rahbarining 10 ta farmoni va 4 ta qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirish, mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 2-fevralda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 19-fevralda Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Shu asosda bir qator qonunlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan mutlaq vakolatlarini hamda parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari takomillashtirilishini, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibi va qonunlarni qabul qilishning yangi tartibi amaldagi qonunchilikda belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, 2024-yil 17-oktyabrda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlari hokimlarning hamda xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan to‘ldirildi.

Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekiston hayotining turli sohalarida izchil davom etayotgan keng ko‘lamli, qamrovdor va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. O‘zbekiston Prezidenti e’tirof etganidek, “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”.

G‘ulom MIRZO yozib oldi

Powered by GSpeech