O‘zbekistonda Ekologiya kodeksi qabul qilinadi

O‘zbekiston Respublikasining Ekologiya kodeksini qabul qilish ko‘zda tutilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha  “yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, bunda:

  • insonning ekologik huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha vakolatli davlat organining faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
  • atrof-muhitni muhofaza qilishda fuqarolar va jamoat birlashmalarining huquq va majburiyatlari, ekologik nazorat va monitoring turlari hamda ularni amalga oshirish tartibi;
  • ekologik ekspertizani amalga oshirish tartibi nazarda tutiladi.

Ekologiya sohasidagi qonunchilik bazasi maqbullashtiriladi va to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi O‘zbekiston Respublikasining Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, 2026–2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit monitoringi dasturi tasdiqlanishini ko‘zda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish mo‘ljallangan.

Loyihada:

  • atmosfera havosining ifloslanishini va sanoat tarmoqlarining unga ta’sirini baholash natijalari;
  • transchegaraviy va ichki ahamiyatga ega yerusti suvlar, yerosti suvlari quduqlarida suv ifloslanishi, qishloq xo‘jaligi va sanoat rivojini hisobga olgan holda yerlarning ifloslanishini nazorat qilish mexanizmlari;
  • mamlakat tog‘ va tog‘oldi mintaqalarining faol geologik jarayonlar namoyon bo‘ladigan hududlarida xavfli ekzogen geologik jarayonlar monitoringi masalalari;
  • atmosfera havosi, yer usti suvlar va tuproqning ifloslanishi (emissiya) manbalari monitoringi masalalari;
  • ekoanalitik laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash kabi tadbirlar nazarda tutiladi.

Kun.uz

Powered by GSpeech