Navoiy shahri yoshlari o‘rtasida inson huquqlariga bag‘ishlangan targ‘ibot

22 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Navoiy shahridagi akademik litseyida huquqiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning 60 yilligi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligiga hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishga bag‘ishlandi.

Asosiy e’tibor mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, irqiy, milliy va gender kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida jamiyatda xabardorlikni oshirish masalasiga qaratildi. Yoshlar bu sohadagi xalqaro va milliy huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.

Litsey o‘qituvchilari va o‘quvchilari hamda soha mutaxassislari ishtirok etgan jonli muloqotda inson huquqlari mavzusida atroflicha so‘z yuritildi. Xususan, irqiy va gender kamsitishlarga qarshi kurash, jamiyatda barqaror adolatli munosabatlar o‘rnatish, tenglik va bag‘rikenglikni ta’minlash kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i F. Hayitboyev ma’ruza qilib, BMT tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Irqiy kamsitishni tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya va Pekin deklaratsiyasining mohiyati va ahamiyatini atroflicha tushuntirdi.

Ma’ruzachi ushbu xalqaro hujjatlarning milliy qonunchiligimizga uyg‘unlashtirilishi, shuningdek, yoshlar ongida inson huquqlariga hurmat ruhini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to‘xtaldi.

Ma’ruzachilar va ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in savol-javob, ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan Navoiy akademik litseyi kutubxonasiga turkum yangi kitoblar tuhfa etildi.

Litsey rahbariyati mazmunli tadbir hamda inson huquqlari mavzusidagi ilmiy-ommabop va huquqiy adabiyotlar to‘plami uchun minnatdorchilik bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech