Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori Dohada vatandoshlar bilan uchrashdi

DOHA, 1-iyun. /"Dunyo" AA/. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo'mitasi a'zosi, akademik Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Qatarga tashrifi doirasida ushbu mamlakatdagi vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Akademik Akmal Saidov muloqot chog'ida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash, inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, mamlakatimizni "Yangi O'zbekiston" konsepsiyasi ruhida har tomonlama modernizatsiya qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida so'zlab berdi. 

 

O'zbekiston elchisi Ashraf Xo'jayev ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muhim yo'nalishlari, jumladan, aholi turmush darajasini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarni ijtimoiy himoya qilishni kengaytirish, xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risida yig'ilish ishtirokchilariga batafsil ma'lumot berdi. Mamlakatimiz milliy brendlari va mahsulotlari keng namoyish etilayotgan "Project Qatar Expo 2025" xalqaro ko'rgazmasida o'zbekistonlik tadbirkorlarning ishtiroki haqida ham aytib o'tildi.

 

Shuningdek, tadbirda O'zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosini xorijda ommalashtirish, milliy brendni va mamlakatimizning turistik jozibadorligini keng targ'ib qilish muhimligi ta'kidlandi. Qatarda birgalikda madaniy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil etish yurtimiz imijini oshirishga xizmat qilishi ma'lum qilindi.

 

Uchrashuv yakunida xorijdagi yurtdoshlarimizni Vatan bilan ma'naviy-madaniy aloqalarini mustahkamlash, O'zbekistonning xalqaro tashabbuslarini jahon miqyosida keng targ'ib etish borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtirish taklifi qo'llab-quvvatlandi.

Powered by GSpeech