O‘zbekiston vakili gumanitar huquq bo‘yicha xalqaro forumda ishtirok etdi

O‘zbekiston vakili – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov XV Xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi. Konferensiya "Martens o‘qishlari – 2025" deya nomlangan bo‘lib, 10-11-iyun kunlari Sankt-Peterburg davlat universitetida bo‘lib o‘tdi.

Akademik A.Saidov o‘z nutqida ta’kidlaganidek, hozirgi sharoitda, ya’ni tinimsiz davom etayotgan qurolli mojarolar asnosida xalqaro gumanitar huquq inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda bunday mojarolar soni dunyo bo‘yicha 110 taga yetgan.

O‘zbekiston vakili F. Martensning xalqaro huquq normalarini rivojlantirishdagi, ayniqsa, Gaaga va Lyublin konvensiyalarida aks etgan insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlashdagi hissasini alohida ta’kidladi. Bu g‘oyalar bugun ham dolzarb bo‘lib, yangi tahdidlarga javob berishda xalqaro hamjamiyat uchun yo‘l-yo‘riq vazifasini o‘tamoqda.

Akmal Saidov, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar bildirdi. Xalqaro amaliyotda insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlashga oid ilmiy va ta’lim tashabbuslarining ahamiyatiga e’tiborni qaratdi.

Ushbu xalqaro konferensiya Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi va Rossiya xalqaro huquq assotsiatsiyasi ko‘magida o‘tkazildi. Bugungi kunda ayni anjuman xalqaro gumanitar huquq, umuman, gumanitar faoliyat masalalariga bag‘ishlangan yetakchi ilmiy maydonlardan biri hisoblanadi.

Ishtirokchilar insoniyat texnologik taraqqiyotga qaramay, xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishlariga duch kelishda davom etayotganini ta’kidladilar. Bu, o‘z navbatida, ushbu sohadagi ilmiy, ma’rifiy va amaliy sa’y-harakatlarni nafaqat dolzarb, balki hayotiy zarurat sifatida taqozo etmoqda.

Konferensiya ishida Rossiya, MDH mamlakatlari va boshqa davlatlardan 200 dan ortiq ekspert, tadqiqotchi, o‘qituvchi, aspirant va talabalar qatnashdi. Ishtirokchilar safida universitetlar, ilmiy institutlar, davlat organlari, qurolli kuchlar, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari bor edi.

Konferensiya doirasida Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi faoliyatining amaliyoti va istiqbollari, huquqiy ongni shakllantirish va xalqaro gumanitar huquq sohasida mutaxassislarni tayyorlashda ta’limning roli, fuqarolarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini o‘zgartirish, xalqaro jinoiy odil sudlovni rivojlantirish istiqbollari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Xalqaro anjuman yakunida "Martens o‘qishlari" ishtirokchilari tomonidan xalqaro gumanitar huquqdan foydalanish va uni zamonaviy sharoitlarda takomillashtirish zarurligi yana bir bor tasdiqlandi.

 

 Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech