12-iyunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazida Markaz direktori, akademik A.Saidov Germaniyaning sobiq federal adliya vaziri, doktor X.Doybler-Gmelin bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistondagi huquqiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar. Xalqaro tijorat nizolarini hal etish mexanizmlarini rivojlantirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, xalqaro tijorat sudlari va arbitrajlarining O‘zbekistonning strategik vazifalari, jumladan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni hamda xorijiy investorlar uchun jozibador muhit yaratishdagi o‘rni va istiqbollari haqida fikr yuritildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning qonunchilikni isloh qilishda muvozanatli yondashuvga sodiqligiga alohida e’tibor qaratildi. Bunda milliy huquqiy tizimni eng maqbul jahon standartlariga muvofiqlashtirish ustuvor bo‘lib, xorijiy modellarni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirish emas, balki uyg‘unlashtirish nazarda tutilmoqda. Bunday yondashuv odil sudlovning samaradorligini ham, milliy huquqiy suverenitetni saqlab qolishni ham ta’minlash imkonini beradi.
Muloqotda gumanitar-huquqiy masalalar ham ko‘tarildi. O‘zbekiston tomoni mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga sodiqligini tasdiqladi va 2008-yildayoq o‘lim jazosi bekor qilinganini mamlakatning bu yo‘ldagi muhim yutug‘i sifatida ta’kidladi.
Uchrashuv O‘zbekiston va yevropalik hamkorlar o‘rtasida qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha professional muloqotni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.06.2025
- Ko'rishlar: 243
- Chop etish