Akademik Akmal Saidov Yekaterinburgda bo‘lib o‘tgan Yevropa-Osiyo huquqiy kongressida ishtirok etdi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov 6-iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan  XVIII Yevropa-Osiyo huquqiy kongressida ishtirok etdi. Kongress "Huquq va yangi voqelik" mavzusiga bag‘ishlandi.

Bu yilgi huquqiy anjumanda Rossiya, Armaniston, Belarus, Braziliya, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Xitoy, Hindiston va Birlashgan Arab amirliklari delegatlari ishtirok etdi. Jami 12 davlatdan qatnashgan 2 ming nafar ishtirokchi orasida yetakchi huquqshunoslar, olimlar, siyosatchilar va tadbirkorlar bor.

Yuridik hamjamiyat uchun o‘ta muhim bo‘lgan masalalar, jumladan, malakali kadrlar tayyorlash hamda huquq va raqamli voqelik istiqbollari atroflicha muhokama qilingan Kongress ishi doirasida qariyb 50 ta tadbir tashkil etildi. Jumladan, 14 ta sho‘ba muhokamalari, yettita strategik sessiya va to‘qqizta davra suhbati o‘tkazildi.

 Akademik A. Saidov Yevropa-Osiyo huquqiy kongressi yalpi majlisida so‘zga chiqdi va “Alekseyev o‘qishlari”da "Qonunning yuksalishi: davr qadamlari" mavzusida ma’ruza qildi. O‘zbek huquqshunosi o‘z chiqishlarida jahondagi taraqqiyot tendensiyalari, xalqaro hamkorlik va qonun ustuvorligini mustahkamlashning dolzarb masalalari, huquqiy soha va ilm-fanga raqamlashtirishni joriy etish masalalariga to‘xtaldi.

Huquqiy kongress ishtirokchilariga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalari, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalar haqida atroflicha axborot taqdim etildi.

Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish, shu maqsadda sun’iy intellekt sohasiga doir qonunchilikni takomillashtirish borasida qilinayotgan amaliy ishlar xususida fikr yuritildi.

Shuningdek, ayni vaqtda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqilgani, O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risida so‘z bordi. Mamlakatimizda huquqiy ta’lim tizimini isloh qilish va yuridik fan sohasini rivojlantirish, jamiyatni siyosiy-huquqiy yangilash, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish borasidagi islohotlar samaralari haqida batafsil ma’lumot berildi.

 Tashrif doirasida Akmal Saidov Ural davlat yuridik akademiyasi rektori V. Bublik, Davlat dumasining Davlat qurilishi va qonunchilik bo‘yicha qo‘mitasi raisi P. Krasheninnikov, Rossiya Xalqaro huquq assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi a’zosi B. Tuzmuxamedov, Sverdlovsk viloyatining Inson huquqlari bo‘yicha vakili T. Merzlyakova, “Mualliflik huquqi, turdosh, madaniy va informatsion huquqlar bo‘yicha YUNESKO kafedrasi” xalqaro ilmiy-ta’lim markazi direktori M. Fedotov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Muloqotlarda xalqaro va milliy huquq masalalari yuzasidan fikr almashildi, O‘zbekiston va Rossiya huquqshunoslari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: Yevropa-Osiyo huquqiy kongressi 2007-yildan beri har yili o‘tkazib kelinadi. An’anaviy anjuman tashkilotchilari Ural davlat yuridik universiteti va Rossiya huquqshunoslari assotsiatsiyasi hisoblanadi. Kongress o‘tgan davrda Yevroosiyo makonidagi yuristlar kasaba hamjamiyatining o‘zaro hamkorlik munosabatlari va ilmiy-amaliy izlanishlari uchun qulay muloqot maydoniga aylandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech