12-iyun kuni Ostona shahridagi Milliy akademik kutubxonada shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-yilligiga bag‘ishlandi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada Qozog‘iston davlat organlari, parlamenti, akademik hamjamiyati namoyandalari, shuningdek, Germaniya, Italiya, Rossiya va O‘zbekistondan tashrif buyurgan ekspertlar ishtirok etdi. Muhokamalarda asosan qonun davr talablariga nisbatan hozirjavob bo‘lishi zarurligi hamda qonunchilik tilining tushunarliligini ta’minlash masalalari haqida fikr yuritildi.
Konferensiya ishtirokchisi – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev qayd etganidek, dunyoda doimiy ravishda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘lib turadi. Bunday yangilanishlar jamiyatning rivojlanishi, davlatning modernizatsiya qilinishi jarayonlari bilan bevosita bog‘liqdir.
Jamiyat va davlat taraqqiyotining muayyan bosqichida Konstitutsiyani yoki uning qaysidir normalarini yangilash zarurati tug‘iladi. Bu holat – ijobiy jarayondir, chunki qonun hamisha davr bilan hamqadam va hamnafas bo‘lishi lozim, deb ta’kidladi professor M. Tillaboyev.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida keng ko‘lamdagi mavzular ko‘rib chiqildi. Ma’ruzachilar, jumladan, inson huquqlarini himoya qilish, davlat hokimiyati institutlarini isloh etish, qonunchilik tili ravon va hamma uchun tushunarli bo‘lishiga erishish kabi masalalar yuzasidan atroflicha munozara olib bordilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.06.2025
- Ko'rishlar: 179
- Chop etish