18-iyun kuni Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi raisi Sahiba G‘afarova Boku shahrida o‘z ishini boshlagan "Qonun ustuvorligini mustahkamlash: ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli" mavzusidagi xalqaro simpozium ishtirokchilari bilan uchrashdi. Anjuman tashkilotchisi Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hisoblanadi.
Simpoziumda 15 mamlakatdan, shu jumladan, O‘zbekistondan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rahbarlari va ombudsmanlar, davlat organlari namoyandalari, parlament deputatlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi tajribali mutaxassislar qatnashmoqda. Ular orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari professor Mirzatilla Tillaboyev ham bor.
Uchrashuvda Ozarbayjon poytaxti hozirgi vaqtda nafaqat simpoziumga, balki mintaqadagi parlamentlararo hamkorlikning muhim mexanizmi bo‘lgan Qora dengiz Iqtisodiy hamkorligi Parlament Assambleyasining 65-sessiyasiga ham mezbonlik qilayotgani ta’kidlandi. Milliy Majlis raisining qayd etishicha, bunday tadbirlarni o‘tkazish va xalqaro hamjamiyatni tashvishga solayotgan masalalarni muhokama qilish uchun platforma yaratish Ozarbayjonning muloqot va hamkorlikka sodiqligini aks ettiradi.
Shuningdek, S.G‘afarova mehmonlarga Ozarbayjonning rivojlanish yo‘li va inson huquqlari sohasidagi yutuqlari haqida ma’lumot berdi. Mamlakati duch kelgan barcha qiyinchilik va sinovlarga qaramasdan, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish sohasida sezilarli yutuqlarga erishganiga e’tibor qaratildi. Ozarbayjonda Inson huquqlari bo‘yicha vakil institutining faoliyati va bu sohadagi mavjud qonunchilik bazasi haqida ham fikrlashildi.
Milliy Majlis raisi ta’kidlaganidek, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan 2025-yil mamlakatda "Konstitutsiya va suverenitet yili" deb e’lon qilingani ramziy ma’noga ega. Bu o‘rinda mamlakatimizning hududiy yaxlitligi va suverenitetini tiklash, xalqimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor haqida so‘z bormoqda.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar xalqaro simpoziumda muhokama etilayotgan mavzularning dolzarbligi va ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikning muhimligi ta’kidlandi. Bu borada qonun chiqaruvchi organlarning o‘rni salmoqli ekani alohida qayd etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.06.2025
- Ko'rishlar: 194
- Chop etish