O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish faoliyatidagi zamonaviy chaqiriqlar va tahdidlar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Unda 30 dan ortiq davlatdan kelgan 100 dan ziyod olimlar, amaliyotchilar, sohaviy tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada plenar majlis hamda huquqni muhofaza qilish sohasida fan va ta’lim: zamonaviy yondashuvlar va chaqiriqlar, raqamli kriminalistika va tergov faoliyatini tashkil etishning yangi usullari, raqamli davrda korrupsiya, jinoiy daromadlarni yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga bag‘ishlangan uchta asosiy parallel sessiya tashkil etildi.
Konferensiya doirasida plenar majlis bo‘lib o‘tdi. Unda qonuniylikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, sud-huquq islohotlarini rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi strategik yondashuvlar haqida so‘z yuritildi. Davlat organlari faoliyatida ochiqlikni oshirish, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning o‘rni muhimligi qayd etildi.
Tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining faoliyati alohida qayd etildi. Akademiya o‘z sohasida yetakchi ta’lim va ilmiy tadqiqot markazi sifatida prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda. Raqamli transformatsiya sharoitida Akademiya zamonaviy ta’lim metodlarini joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va xavfsizlik hamda huquq-tartibotni ta’minlashning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy yechimlar ishlab chiqishga faol hissa qo‘shmoqda.
Konferensiya doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda qator milliy va xalqaro hamkor tashkilotlar o‘rtasida anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur hujjatlar tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalar va ta’lim dasturlarini rivojlantirish, huquqni muhofaza qilish tizimining institutsional salohiyati va raqamli barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Huquqni muhofaza qilish faoliyatida fan va ta’limning dolzarb masalalari” mavzusidagi sessiyada huquqni muhofaza qilish faoliyatida ta’lim va ilm-fanning o‘rni chuqur tahlil qilindi. Kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning innovatsion yo‘llarini muhokama qilish va raqamli transformatsiya davrida vujudga kelayotgan yangi tahdidlar va imkoniyatlarga munosib yechimlar ishlab chiqishga e’tibor qaratildi.
«Raqamli transformatsiya davrida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari» mavzusidagi sessiyada BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, YeXHT, YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlar vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada kiberjinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, raqamli dalillarni yig‘ish va tahlil qilish, ularni qabul qilishning huquqiy mezonlari, raqamli muhitda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalasi ko‘rib chiqildi. Raqamli platformalarning huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi huzuridagi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati natijalari muhokama qilindi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar” mavzusidagi sessiyada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, noqonuniy aktivlarni qaytarishda zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni haqida gap bordi. Raqamli davrda korrupsiya muammolari bilan bog‘liq yangi tahdid va chaqiriqlar, bunda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy ilmiy-amaliy tajribalar haqida fikr almashildi.
Sessiyaning ikkinchi qismida jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro konferensiya Huquqni muhofaza qilish akademiyasining xalqaro ekspertlar ishtirokida professional muloqotni rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va qonuniylik hamda xavfsizlik sohasidagi muammolarni hal etishga qaratilgan samarali yechimlarni ishlab chiqish borasidagi izchil sa’y-harakatlari davomiyligini yana bir bor namoyon etdi.
Konferensiya materiallari to‘plam shaklida nashr etiladi.
Norgul Abduraimova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 19.06.2025
- Ko'rishlar: 145
- Chop etish