TINCHLIK VA TOTUVLIK TARANNUMI

 

Toshkent shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi hamda 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan qardosh davlatlar kasaba uyushmalari vakillari ishtirokida «Do‘stlik» festivali o‘tkazildi.

 

Go‘zal anjuman uchun tashakkur

Baurjan ALTEYEV, festival ishtirokchisi (Qozog‘iston):

– Kasaba uyushmalari mehnatkashlar haq-huquqlarining himoyachisi. Biz bu yerga bir-birimiz bilan fikr almashib, yurakdan suhbatlashish uchun yig‘ildik. Kimda qanday tajriba bo‘lsa, o‘rtoqlashdi.

Bu imkonni bizga taqdim etgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga katta rahmat! Qardosh xalqlarni bir jamoaga birlashtirib, do‘stlikni mustahkamlab, yaxshilik qilishga bel bog‘lab shunday go‘zal anjumanni tashkil etgani bizni juda quvontirdi.

 

Do‘stligimiz yanada kuchayadi

Sevval MALKOS, festival ishtirokchisi (Turkiya):

– O‘zbekistonda bizni juda iliq kutib olishdi. Buning uchun, avvalo, tashkilotchilardan minnatdormiz. Kasaba uyushmasi vakillari ham, jamoa ham nihoyatda mehribon va mehmondo‘st ekan.

O‘zbekistonning go‘zalligini ko‘rib, nega avvalroq kelmaganman, deb o‘yladim. Bu yurt aslida bizga qardosh davlat ekanini yaxshi bilmagandim. Endi esa nafaqat madaniyatlarimiz o‘xshashligini, balki juda ko‘p umumiy jihatlarimiz borligini angladim.

 

Et bilan tirnoq kabi

Qobiljon KOMILZODA, festival ishtirokchisi (Tojikiston):

– Keyingi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston davlatlarining iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalari yanada mustahkamlanmoqda.

Mamlakatlarimiz prezidentlari do‘stlik uchrashuvlarini o‘tkazmoqdalar. Biz tashrifimiz chog‘ida Alisher Navoiy haykali poyiga guldasta qo‘ydik. Dushanbe shahrida ham Hazrat Navoiy va Jomiy haykallari bor. Chunki bizning adabiyotimiz bir. Bundan ko‘rinib turibdiki, madaniyatlari o‘xshash ikki davlat go‘yoki et bilan tirnoq kabidir.

 

O‘xshash madaniyatimiz, o‘xshash tariximiz bor

Gulsherin GELDIMURADOVA, festival ishtirokchisi (Turkmaniston):

– Yurtingizga ikkinchi bor kelishim. Ikkala safar ham o‘zbeklarning mehmondo‘stligi va samimiy mehrini his etdim.

O‘zbekiston san’at muzeyiga tashrif buyurganimizda Turkmaniston hududlariga oid turli eksponatlarni ham tomosha qildik. O‘zbek milliy taqinchoqlari, kiyimlari esa biznikiga juda o‘xshar ekan. Bu bizni juda quvontiradi. O‘xshash madaniyatimiz, o‘xshash tariximiz borligi faxr tuyg‘usini beradi. Do‘stlik festivali esa, qo‘shni xalqlarning o‘zaro aloqalari mustahkamligini, bir-birlariga nisbatan har doim hurmatda ekanini ko‘rsatadi.

 

Bir-birimizga mehr ulashdik

Mobil MAMEDOV, festival ishtirokchisi (Ozarbayjon):

– O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Ular ona tillarida erkin gaplasha olishadi, o‘z dinlariga e’tiqod qilishadi. Men bolaligimda buvimdan «Nega o‘zbek xalqini bunchalik yaxshi ko‘ramiz?» deya so‘raganimda, «Bizning tilimiz, dilimiz bir. Qolaversa, ular juda mehmondo‘st xalq. Shu bois biz ularni qardosh deymiz», deb javob bergandilar. Festival tufayli men ana shu tuyg‘uni, buvimning e’tiroflarini yurakdan his qildim. Garchi ilgari bir-birimizni ko‘rmagan bo‘lsak-da, qardoshlarimiz bilan dillashdik, bir-birimizga mehr ulashdik.

 

Yanada yaqinlikni his qildim

Aqqiz ABASBEKOVA, festival ishtirokchisi (Qirg‘iziston):

– Kelgan kunimizdan boshlab kayfiyatimiz a’lo darajada bo‘ldi. Tilimiz, madaniyatimiz, dinimiz birligini, bizni birlashtirib turgan jihatlar borligini sezdim. Toshkentni sayohat qilish chog‘ida avtobusda qardoshlarimiz bilan birga qo‘shiq kuylab, raqsga tushdik. Bir-birimiz bilan opa-singil, aka-ukadek bo‘lib ketdik. Yanada yaqinlikni his qildik.

 

Kuni kecha O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyini do‘stlik navolari tutdi. Ayniqsa, oqinlarning Yangi O‘zbekistondagi islohotlar hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyati, abadiy do‘stlik haqidagi go‘zal she’riy baxshidasi butun zalni olqishlarga to‘ldirdi.

O‘sha kuni tinchlik-osoyishtalik va shukronalikni madh etuvchi karnay-surnay sadolari qardosh xalqlarning milliy kuy-navolariga ulandi. Bu ohanglar odatdagidan farqli o‘laroq, olti qardosh mamlakat go‘zal san’atining yuksak namoyishiga aylandi.

Kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi hamda 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan «Do‘stlik» festivaliga jamlangan turli millat vakillari xalq og‘zaki ijodi namunalari – qo‘shiqlar, raqslar, dostonu o‘lanlari bilan dillarni larzaga soldi. Go‘zal raqslar, Vatan madhi, qardoshlarning badiiy chiqishlari yig‘ilganlarga bir olam taassurot ulashdi.

Qardosh do‘stlarimiz ikki kun poytaxtimizda mehmon bo‘lishdi. Festivalning ilk kuni ular Alisher Navoiy haykali poyiga guldasta qo‘yib, buyuk allomaga hurmat ko‘rsatishdi. So‘ngra O‘zbekiston davlat san’at muzeyi hamda Amir Temur muzeyida bo‘lishdi. Eksponatlarni tomosha qilib, yurtimizning boy tarixi va madaniy merosi haqidagi tasavvurlarini boyitishdi.

Aytish kerakki, mazkur anjuman xorijdan kelgan aziz mehmonlarni bir joyga to‘plab, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, do‘stlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Turkiyadan 59 nafar vakil tashrif buyurdi. Ular ko‘tarinki kayfiyatda, yo‘l-yo‘lakay milliy kuy-qo‘shiqlarni ijro etib, poytaxtimizdagi go‘zal maskanlarni sayr qilishdi.

«Magic City» majmuasi, «Oceanarium»ga sayohat, «Teskari uy» muzeyiga tashrif chog‘ida tilimiz, madaniyatimiz, dinimiz, qarashlarimiz, tarixiy ildizlarimiz birligi haqida suhbatlar avj oldi. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, mamlakatimiz yil sayin har tomonlama rivojlanib borayotgani e’tirof etildi. Yangi O‘zbekiston poytaxtining yangi, zamonaviy qiyofasi haqida iliq fikrlar bildirildi.

Do‘stona muloqotlar festival dasturidan joy olgan turli ko‘rgazmalar, konsertlar paytida ham davom etdi.

Anjuman davomida qardoshlar o‘zlarining boy madaniyati, tarixi va milliyligini aks ettiruvchi taqdimotlari bilan dillarga quvonch ulashdilar. Har bir mamlakat o‘ziga xos buyumlari, o‘yinchoqlari, liboslarini namoyish etdi.

Ko‘zni quvnatuvchi ranglar uyg‘unligi, sharqona go‘zallik, bir so‘z bilan aytganda, san’at va madaniyat millatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirdi.

 

Sahifani «Ishonch»

muxbirlari Diyora Ravshanova ,

Quvonchbek To‘rayev , E’zoza

Umurzoqova va Mirnodir

Mirakmalovlar tayyorladi.

«Ishonch» gazetasining 2025-yil 29-iyul kungi 93 (5157)-soni

Powered by GSpeech