Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi 440-son qarori bilan “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoxud o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar bevosita o‘zlari yoxud qonuniy vakillari “Inson” markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa mas’ul organlarga murojaat qiladi.
“Inson” markazlari ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning hayotiy vaziyatini 1 kun muddatda o‘rganadi. Bunda “Inson” markazi bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o‘tkazadi hamda xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb topishi mumkin.
Xavf darajasi “yuqori” deb baholanganida, ichki ishlar organi quyidagi, ya’ni:
-
zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish hamda protsessual majburlov choralarini qo‘llash;
-
bolaga yoxud uning qonuniy vakiliga himoya orderini berish;
-
bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoxud uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash choralaridan birini ko‘radi.
Tahdid soluvchi omillar bartaraf etilgach, “Inson” markazi bolaning hayotiy vaziyatini 14 kalendar kun ichida kompleks baholashdan o‘tkazadi. Kompleks baholash natijalariga ko‘ra 3 ish kuni ichida bolani himoya qilish rejasi ishlab chiqiladi.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin. Bu o‘rinda, xususan:
▪ tuzatish dasturidan o‘tish;
▪ bolalarini olib qo‘yish;
▪ ota-onalik huquqini cheklash yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish;
▪ narkologiya muassasalarida majburiy davolanish;
▪ majburiy tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash choralari haqida so‘z bormoqda.
Ushbu Nizom“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ishlab chiqildi. Bundan maqsad bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.07.2025
- Ko'rishlar: 281
- Chop etish