30-iyul – qo‘shaloq bayram: Xalqaro do‘stlik kuni va Xalqlar do‘stligi kuni

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 30-iyul – butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Bundan 4-yil avval, 2021-yil 10-fevralda qabul qilingan qonunga asosan, ushbu sana O‘zbekistonda – Xalqlar do‘stligi kuni, deb belgilandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu bayramning ta’sis etilishi xalqimizning  ayni ko‘nglidagi orzu-niyatning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelmoqda. O‘zbekiston – ulkan imkoniyat va resurslarga ega mamlakat. Lekin eng katta boyligimiz – turli millat va konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir.

Yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa hisoblanadi. Shu g‘oyat muhim omilga tayangan holda, keyingi yillarda Yangi O‘zbekiston inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tom ma’nodagi tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy natijalarga erishayotgani tahsinga loyiq.

Yurtimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar o‘z faoliyatini erkin amalga oshirmoqda. Mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda katta rol o‘ynayotgan 150 ta milliy madaniy markazning ko‘p qirrali faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘larni yo‘naltirmoqda, turli subsidiya va grantlar ajratilmoqda.

Toshkentda Do‘stlik bog‘i tashkil etilmoqda. Poytaxt va hududlarda barpo etilgan Do‘stlik uylari yurtdoshlarimizni o‘z bag‘riga chorlaydigan dilkash markazlarga aylanmoqda.

Davlat ta’lim muassasalarida o‘quv ishlari 7 tilda olib borilmoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini 12 tilda berib bormoqda.

So‘nggi yillarda chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kuchaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Ushbu yo‘nalishda chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilayotgani juda muhim.

Shuningdek, Millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi qabul qilindi. Bu hujjat ushbu yo‘nalishdagi izchil islohotlar samaradorligini oshirishning muhim huquqiy poydevoridir.

Yanada e’tiborlisi, mintaqamizdagi qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, dunyo siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora va voqelik paydo bo‘ldi. Joriy yil mart oyida O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralari o‘zaro tutashgan nuqtada “Do‘stlik” stelasi mintaqamiz xalqlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida e’tirof etganidek, “Barchamiz birgalikda nishonlayotgan bugungi bayram – Xalqlar do‘stligi kuni ham xalqimizning tinchlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalari mujassam bo‘lgan boy madaniyati, urf-odat hamda an’analarini yaqqol namoyish etish uchun yana bir katta imkoniyat ekanini ta’kidlash lozim”.

Shunday qilib, yurtimizda ushbu muhim sanaga asos solinishi zamirida Prezidentimizning totuvlik, hamjihatlik, diniy bag‘rikenglik, vijdon erkinligini ta’minlash, tili, millati va e’tiqodidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga munosib, farovon turmush tarzini yaratib berishdek ulug‘vor siyosati mujassam. Bu sana Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Binobarin, dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda  jamiyatimiz va davlatimiz yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarni tizimli asosda va izchil davom ettirmoqda.

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech