O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-iyunda qabul qilingan “Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni va «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida bir guruh ilg‘or yigit-qizlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Bu e’tirof Vatanimiz yoshlari mehnati, izlanishi va fidoyiligini qadrlashning yorqin namunasidir.
Joriy yil 30-iyun – Yoshlar kunida Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida o‘tkazilgan ana shu mukofotlarni topshirish marosimida davlatimiz rahbari yigit-qizlarni samimiy tabriklab, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Prezidentimiz bilan yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot asnosida kelajakdagi rejalar, muammolar va takliflar muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga katta ishonch bildirar ekan: "Yoshlikdagi harakat bu – kelajakdagi yutuq degani. Yoshlikda orttirilgan do‘st – bir umrlik hamkor, tayanch va suyanch degani. Hech qachon unutmang, farzandlari bilimli, sog‘lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi albatta yorug‘ bo‘ladi. Men butun O‘zbekiston yoshlari ana shunday fazilatlar egasi bo‘lishini tilayman", deb ta’kidladi.
Yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, ularga chet tillarni o‘rgatish, kasb egallab, hayotda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish davlatimizning asosiy vazifasiga aylangan. Zamonaviy talablardan kelib chiqib, bu sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yoshlar o‘qitilgan. Bu esa yoshlarni raqamli texnologiyalar sohasidagi malakasini oshirishga xizmat qiladi.
O‘tgan yili 150 mingdan ziyod yigit-qiz xalqaro til sertifikatlarini olgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 2 baravar ko‘p.
Prezident Farmoni bilan Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etildi. Bu maktabga 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi saralab olinib, uch yo‘nalishda chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi.
Milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi tanlanib, Garvard, Yel, Kolumbiya kabi dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga tayyorlanadi. Ulardan kamida 300 nafari ehtiyojmand oila farzandlari bo‘ladi.
Yoshlar bandligini ta’minlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishidir. Bu yil 35 milliard dollarlik 8 ming 300 ta loyiha orqali 292 mingta ish o‘rni yaratilmoqda. Kelgusida yana 500 mingta ish o‘rni yaratadigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan.
“Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 100 ming yosh, “Kelajakka qadam” dasturi orqali esa 140 ming oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi daromadli ish bilan ta’minlanishga mas’ul bo‘lgan "Aloqabank" va "Milliy bank"ga 300 million dollar ajratildi.
Shu yil 30-iyundagi uchrashuvda ham davlatimiz rahbari yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan:
-
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan “TOP-300” talik oliy ta’lim muassasalariga kirganlarning o‘qish va yashash xarajatlarini qoplash tizimi yangi tartibda ishga tushirildi;
-
Ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) kabi ustuvor sohalar uchun kvotalar oshirilib, banklar “TOP-300”talik oliy ta’lim muassasalariga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli kredit berishni boshladi;
-
“Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi BAA bilan hamkorlikda ishga tushiriladi;
-
"Raqamli avlod qizlari" tanlovi doirasida 7 ming o‘quvchi va talabaning 120 ta startap loyihasi tanlab olindi. Joriy yilda bu loyihaga kamida 50 ming nafar qiz jalb qilinadi;
-
startaplarni moliyalashtirishga kiritilgan 145 million dollarlik venchur sarmoya kelajakda 1 milliard dollarga yetkaziladi;
-
maktablarda “Mohirlik va biznes soati” darslari joriy etilib, o‘quvchilar g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant yo‘naltiriladi;
-
oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliy ta’lim muassasasi jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha grant beriladi.
So‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda boshqaruv kadrlarining tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi. Bu yosh avlodning salohiyati va o‘ziga bo‘lgan ishonchining yorqin ifodasidir.
Prezident Farmoniga ko‘ra, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Kelajak liderlari” dasturi bo‘yicha har yili 100 nafar salohiyatli yoshlar o‘qitiladi. Ular vazir va hokimlarga biriktirilib, tajriba orttiradi, xorijiy stajirovkaga yuboriladi. Dasturni tamomlagan yoshlar rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod bo‘ladi.
Yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Kitobxonlik, san’at va madaniyatni yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish maqsadida turli tanlovlar o‘tkaziladi. G‘oliblar chekka hududlardagi maktablarga borib, chiqishlar qiladi. “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari bolalar va musiqa san’at maktablarida bepul o‘qitiladi.
Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish uchun “G‘alaba bog‘i”dagi “Millat fidoyilari” monumenti kabi muqaddas maskanlar ziyorat qilinadi. Bu yerda yurt tinchligi yo‘lida jonini fido qilgan 196 nafar mard va jasur harbiylarimizning nomlari muhrlangan. Bunday joylar yoshlarning Vatanga muhabbati va sadoqatini yanada yuksaltiradi.
O‘zbekistonning yoshlarga oid siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirgan. Shuningdek, mamlakatimiz Yoshlar taraqqiyot indeksida bu borada eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlat deb topilgan.
Bundan tashqari, Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yoshlari poytaxti maqomini oldi. Bu yutuqlar O‘zbekistonning yoshlar siyosati nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda ham namuna bo‘lishini ko‘rsatadi.
Shunday qilib, 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni shunchaki bayram emas, balki O‘zbekistondagi yoshlarning ulkan salohiyati va ularga bo‘lgan ishonch o‘zining yorqin ifodasini topgan muhim sana hisoblanadi. Yangi O‘zbekiston yoshlari – bugungi kunning faol bunyodkorlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizning ertangi kuni uchun qo‘yilgan eng muhim sarmoyadir.
Sarvarbek SADULLAYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining Matbuot xizmati
yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 12.08.2025
- Ko'rishlar: 69
- Chop etish