Ilm-fan va innovatsiyalar – barqaror kelajak poydevori
10 - NOYABR - TINCHLIK VA TARAQQIYOT UCHUN BUTUNJAHON FANI KUNI
Bugungi globallashuv va texnologik taraqqiyot davrida ilmfan va innovatsiyalar har bir davlatning rivojlanish darajasini belgilovchi eng muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Insoniyat taraqqiyoti aynan ilmiy izlanishlar, texnik yutuqlar va yangi g‘oyalarning hayotga tatbiq etilishi orqali yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu bois, har bir jamiyat uchun fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish barqaror kelajakning mustahkam poydevorini yaratish demakdir.
Har yili 10-noyabr sanasida butun dunyo Tinchlik va taraqqiyot uchun Butunjahon fan kunini nishonlaydi. Bu kun ilm-fanning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yuksak darajada e’tirof etish, ilmiy bilimlarni keng ommaga targ‘ib qilish hamda fanning insoniyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr yuritish uchun muhim sana hisoblanadi.
Butunjahon fan kuni ilm-fanning nafaqat texnik yutuqlar manbai, balki tinchlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni ham beqiyos ekanini eslatib turadi. Shu bois bu kun fanning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ilmiy fikr va yangiliklarga qiziqishni oshirish, yosh avlodni ilm-fanga yo‘naltirish maqsadida nishonlanadi.
2025-yili mazkur kun “Ishonch, o‘zgarish va ertaga: 2050-yil uchun bizga kerak bo‘lgan fan – Trust, Transformation, and Tomorrow: The Science We Need for 2050” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Ushbu mavzu kelajak avlodlar uchun qanday fan zarurligini, ilm-fan va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni qanday mustahkamlash kerakligini muhokama qilishga qaratilgan. Bu yilgi shior orqali YUNESKO fan sohasidagi ishonchni mustahkamlash, ilmiy faoliyatda ochiqlik va mas’uliyat tamoyillarini ilgari surish hamda fan yutuqlarini jamiyat hayotiga chuqur tatbiq etish zarurligini ta’kidlamoqda.
Butunjahon fan kuni g‘oyasi ilk bor 1999-yili Budapesht shahrida o‘tkazilgan Jahon fan konferensiyasida ilgari surilgan. Mazkur konferensiyada “Fan va ilmiy bilimlardan foydalanish to‘g‘risidagi deklaratsiya” hamda “Fan uchun harakat dasturi” qabul qilingan. Shu asosda, YUNESKO Bosh konferensiyasining 31-sessiyasida 2001-yili rasman qaror qabul qilinib, 10-noyabr sanasi har yili Tinchlik va taraqqiyot uchun Butunjahon fan kuni sifatida e’lon qilindi. Bu kun ilk marotaba 2002-yil 10-noyabrda butun dunyo miqyosida nishonlangan.
2023-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2024–2033-yillarni Barqaror rivojlanish uchun xalqaro fan o‘n yilligi deb e’lon qildi. Bu tashabbus global miqyosda fanning rolini kuchaytirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda fan sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, biotexnologiya va kosmik tadqiqotlar sohalaridagi yutuqlar orqali insoniyat oldidagi eng dolzarb muammolarni hal etishga yordam bermoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va ekologiya kabi yo‘nalishlarda ilm-fan hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston ham mazkur xalqaro sanani muntazam tarzda nishonlab kelmoqda. 2025-yili YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi doirasida Samarqand shahrida “Ishonch, o‘zgarish va ertaga: 2050-yil uchun bizga kerak bo‘lgan fan” mavzusida xalqaro qo‘shma tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, yosh olimlar, xalqaro ekspertlar hamda ta’lim sohasi mutasaddilari ishtirok etadi.
Shuningdek, mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarda ilmiy anjumanlar, yoshlar forumlari, innovatsion ko‘rgazmalar, fan targ‘ibotiga bag‘ishlangan suhbatlar o‘tkazilmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ilmiy-innovatsion rivojlanish strategiyasi, yosh olimlarga grantlar tizimi, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirokni kengaytirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. “Yoshlar akademiyasi”, “Ilm-fan yulduzlari” tanlovlari, xalqaro olimpiadalar va stipendiyalar yosh avlodni izlanishga, yangilik yaratishga ruhlantirmoqda.
Bu yilgi tadbirlar orqali O‘zbekiston ilmiy salohiyatining o‘sib borayotgani, yoshlar orasida ilm-fanga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotgani va mamlakatning xalqaro ilmiy hamkorlikdagi faolligi yana bir bor namoyon bo‘lmoqda.
2025-yili bu kunning O‘zbekistonda YUNESKO doirasida nishonlanishi mamlakatimiz ilm-fan sohasining jahon miqyosidagi nufuzini oshirish bilan bir qatorda, fan va jamiyat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi. Har bir fuqaro, ayniqsa, yosh avlod, fan va innovatsiyalarga e’tibor berib, o‘z bilim va g‘oyalari bilan Vatan ravnaqi hamda insoniyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmog‘i zarurdir.
Robiya ARSLONOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
«Iste’mol madaniyati» gazetasining 2025-yil 6-noyabr kungi 20 (212)-soni
Ўзбекча
English
Русский