Toshkentda

TOSHKENT, 10-noyabr. /"Dunyo" AA/. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida akademik Akmal Saidov va yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori Kamola Xudjamovaning "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: o'quv qo'llanma" kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag'ishlangan ushbu taqdimot Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Guliston davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari, Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi yuridik texnikum va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi akademik litsey talabalari, pedagoglar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Kitob taqdimoti viloyatlar axborot-kutubxona markazlari vakillari uchun onlayn namoyish etildi. Tadbirni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatilla Tillaboyev ochib berdi.

Ushbu o'quv qo'llanmada kasb-hunar kollejlari, texnikum va akademik litseylar o'quvchilari uchun yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o'rganish bo'yicha kerakli barcha o'quv-metodik materiallar –ma'ruza matni, mazmunini yorituvchi chizmalar, o'quvchilar bilimini mustahkamlashga qaratilgan savollar, test topshiriqlari, mustaqil o'qish uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro'yxati taqdim etilgan.

O'quv qo'llanmada yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mamlakatimiz strategik maqsadlarini ro'yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib berganligi va uni ishlab chiqishda o'zbek davlatchiligi rivojlanishining boy tarixiy yo'li, konstitutsiyaviy qurilishning zamonaviy g'oyalari, xalqaro umume'tirof etilgan umuminsoniy tamoyillar hamda jahondagi ilg'or konstitutsiyaviy tajriba hisobga olinganligi to'g'risida ma'lumot berildi.

Tadbir yakunida BMT, Fridrix Ebert fondi hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida chop etilgan yuridik adabiyotlar to'plami Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi, viloyatlardagi axborot-kutubxona markazlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi hamda Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti kutubxonalariga taqdim etildi.

Powered by GSpeech