Poytaxtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar yuzasidan monitoring o‘tkazildi

19-noyabr kuni Toshkent shahar hududida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan to‘siqsiz muhit holatini o‘rganishga qaratilgan monitoring tadbirlari amalga oshirildi. Ushbu monitoring “2023–2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi”da nazarda tutilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablarining bajarilishi yuzasidan muntazam monitoring olib borish — milliy majburiyatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Ushbu jarayon nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, imkoniyatlari tengligini ta’minlash, ular uchun jismoniy va ijtimoiy infratuzilmaning ochiq va qulay bo‘lishini baholash hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlarni belgilashga xizmat qiladi.

Monitoringni amalga oshirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Transport vazirligi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti va Toshkent temir yo‘l vokzalida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan infratuzilma, xizmatlar va harakatlanish imkoniyatlari o‘rganildi. Xususan, panduslar, taktil yo‘laklar, maxsus yordam nuqtalari, transport vositalariga moslashtirilgan shart-sharoitlar, axborot belgilari, xizmat ko‘rsatish tizimi va xodimlarning mazkur yo‘nalishdagi tayyorgarligi kabi ko‘rsatkichlar batafsil baholandi.

Hozirgi vaqtda monitoring natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar tizimlashtirilmoqda. Ular asosida to‘siqsiz muhitni yanada takomillashtirish, amaldagi infratuzilma va xizmatlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Ushbu monitoring natijalari mamlakatimizda inklyuziv jamiyatni barpo etish, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini to‘la ta’minlash borasidagi davlat siyosati samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech