BOLA XAVFSIZLIGI — JAMIYAT XAVFSIZLIGI
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, oila va bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Yurtimizda oila institutini, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish, oilada zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashishni huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda boshqa yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlash darajasini oshirish — eng dolzarb vazifalardan biridir.”
Bu so‘zlar yurtimizda bola huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy g‘oyaviy asosini belgilaydi.
Bola xavfsizligi — inson qadrining o‘zagidir
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik — jamiyatning eng og‘riqli va og‘ir illatlaridan biri hisoblanadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har 4 daqiqada bir bola zo‘ravonlik qurboni bo‘ladi. Bu nafaqat jismoniy, balki ruhiy va ma’naviy jabhalarda ham inson hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi 18-noyabrni Butunjahon bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqni oldini olish kuni sifatida belgiladi. Bu sana jamiyatni bola huquqlariga befarq bo‘lmaslikka, har bir fuqaroni bolalar xavfsizligi uchun mas’uliyatni his etishga chaqiruvchi kun sifatida ahamiyat kasb etdi.
Konstitutsiyada — bola huquqlari kafolati
2023-yilda qabul qilingan Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari keng qamrovda mustahkamlandi. Unda bola faqat oila a’zosi emas, balki huquq va manfaatlari davlat tomonidan qonun bilan himoyalanadigan mustaqil shaxs sifatida e’tirof etildi.
Xususan, XIV bob — “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan bo‘lib, 78-moddada shunday deyiladi:
“Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.”
Bu norma BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasidagi “bolaning eng yaxshi manfaati ustuvorligi” prinsipi bilan uyg‘unlikdadir. O‘zbekiston 1992-yilda mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilgan bo‘lib, shundan buyon milliy qonunchilik xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirib kelinmoqda.
“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun
2025-yil 15-may kuni kuchga kirgan mazkur Qonun — O‘zbekiston tarixidagi ilk kompleks huquqiy hujjat bo‘lib, u bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining yangi bosqichini boshlab berdi.
Qonunda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari — jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va ta’qib etish (bulling) holatlari taqiqlandi va ta’qib qilinishi belgilandi.
Eng muhim jihati shundaki, Qonun:
-
bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, baholash va himoya rejasini ishlab chiqishni davlat zimmasiga yukladi;
-
jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo choralarini keskin kuchaytirdi;
-
jabrlanuvchi bolaga psixologik, tibbiy va huquqiy yordam davlat kafolati sifatida belgilandi.
Bu bilan davlat bola xavfsizligini faqat huquqiy emas, balki ijtimoiy va ma’naviy ustuvor vazifa sifatida belgiladi.
Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil 14-iyulda Vazirlar Mahkamasining maxsus Nizomi qabul qilindi. Unga muvofiq, zo‘ravonlik holatlari haqidagi har bir murojaat “Inson” ijtimoiy xizmat markazlari va ichki ishlar organlari tomonidan bir kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Xavf darajasi baholanib, zarurat bo‘lsa bolani vaqtinchalik himoyaga olish, himoya orderi berish yoki mahalla darajasida profilaktik chora ko‘rish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Nizomga ko‘ra, har bir holat bo‘yicha uch ish kuni ichida bola uchun individual himoya rejasi ishlab chiqiladi. Unda huquqiy, psixologik, tibbiy va ijtimoiy yordam choralari qamrab olinadi.
Bola xavfsizligi – milliy siyosat va jamiyat mas’uliyati mezoni
Yangi O‘zbekistonda bolalar xavfsizligini ta’minlash masalasi faqat ijtimoiy yoki huquqiy yo‘nalishdagi vazifa emas — u butun jamiyatning ma’naviy yuksalish mezoniga aylandi. Bu sohada qabul qilinayotgan qonunlar, islohotlar va xalqaro hamkorlik tashabbuslari shunga dalildir.
Bola xavfsizligiga oid islohotlar tizimli tarzda amalga oshirilmoqda. Masalan, Prezidentning 2025-yil 15-maydagi “Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontent yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan axborot makonida bolalar ongi va qalbiga tahdid soluvchi kontentlarni muntazam tahlil qilish, ota-onalar va o‘qituvchilarning media savodxonligini oshirish tizimi joriy etildi.
Bu qaror zamirida juda muhim g‘oya yotadi: axborot xavfsizligi — bu ham bola xavfsizligining ajralmas qismi. Chunki internet makonidagi zo‘ravonlik, kiberbulling, onlayn tahdid va virtual manipulyatsiyalar bolalarning ruhiyatiga ta’sir qilib, ularning shaxsiy rivojlanishiga jiddiy salbiy oqibatlar keltirishi mumkin. Shu maqsadda mamlakatda bolalarning raqamli muhitda xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy platforma ishlab chiqilmoqda.
Xalqaro hamkorlik va global tashabbuslarda ishtirok
Oliy Majlis palatalarining 2024-yil 21-fevraldagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan «BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024–2027-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi» mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi.
Reja doirasida jinoyatchilarni ro‘yxatga olish va monitoring qilish tizimini yaratish, bolalar bilan ishlovchi sudya va prokurorlar uchun maxsus kurslar tashkil etish, jabrlanuvchilar uchun psixologik yordam va reabilitatsiya markazlarini kengaytirish vazifalari belgilangan. Shuningdek, bolalarning axborot xavfsizligini ta’minlash, internetdagi tahdidlardan muhofaza qilish va o‘zini himoya qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish choralari ham nazarda tutilgan.
O‘zbekistonning bu sohadagi tashabbuslari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. 2025-yil 26-may kuni mamlakatimiz “Bogota harakatga chaqiruvi” global tashabbusiga qo‘shildi. Bu bilan O‘zbekiston bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha milliy majburiyatni oldi. Hozirda 2035-yilgacha mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli milliy strategiya va harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Unda bolalar bilan ishlovchi mutaxassislar uchun maxsus tayyorlov kurslari, jinsiy zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash tizimi, bolalar uchun xavfsiz internet muhitini yaratish, ommaviy axborot vositalari orqali profilaktika kampaniyalari kabi yo‘nalishlar nazarda tutilgan.
O‘zbekiston xalqaro agentliklar va tashkilotlar bilan bir qator qo‘shma loyihalar amalga oshirmoqda: masalan, YUNISEF va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida internetda bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan dasturlar yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda davlat tashkilotlari yoshlar uchun media savodxonlik va raqamli xavfsizlik yo‘nalishida o‘quv kurslari tashkil etmoqda. Bu tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning bolalar huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish siyosati amaliy ifoda topayotganini ko‘rsatmoqda.
“Inson” markazlari – tizimli himoyaning asosiy bo‘g‘ini
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida tashkil etilgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha amaliy tizimning markazida turibdi.
Bu markazlar orqali zo‘ravonlik xavfi mavjud bo‘lgan oilalar bilan ishlash, bolalarni himoya qilish rejasini ishlab chiqish, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Markaz ijtimoiy xodimlari mahalla darajasida profilaktika ishlarini olib borib, bolalar xavfsizligini ta’minlashda faol ishtirok etmoqda.
Bola huquqlari madaniyatini shakllantirish — jamiyat burchi
Bolalar xavfsizligini ta’minlash faqat davlat idoralari yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi emas. Bu har bir ota-ona, o‘qituvchi, mahalla faoli va jamiyat a’zosining umumiy burchidir. Shu maqsadda mamlakatimizda ota-onalarning mas’uliyatini oshirish va oilada muloqot madaniyatini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar kengaymoqda.
Psixologlar ta’kidlaganidek, bola bilan ishonchli muloqot — zo‘ravonlikning oldini olishning eng samarali usulidir. Bolani eshitish, uning his-tuyg‘ularini inobatga olish va mehr muhitini yaratish — Yangi O‘zbekistondagi bola huquqlari madaniyatining asosidir.
Xulosa o‘rnida
Bugungi kunda aholisining 32 foizi bolalardan iborat bo‘lgan O‘zbekistonda “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyili davlat siyosatining markaziga aylandi. Bola huquqlarini ta’minlash va zo‘ravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabatda bo‘lish — Yangi O‘zbekistonning insonparvarlik tamadduniga xos belgi bo‘lib qolmoqda.
Bola huquqlarini himoya qilish — bu kelajakni himoya qilish demakdir. Shu bois 18-noyabr — Butunjahon bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni — nafaqat mulohaza, balki harakat kunidir.
Har bir inson o‘z oilasida, ish joyida yoki mahallasining bir go‘shasida bo‘lsa ham bola xavfsizligiga hissa qo‘shsa, bizning yurtimizda bolalarning kulish ovozi — eng go‘zal va muqaddas musiqaga aylanadi.
O‘tkir Ochilov
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori
Ўзбекча
English
Русский